Yangilandi: Eron harbiylari: AQSh "o‘zi bilan o‘zi muzokara qilmoqda"

Tramp

Surat manbasi, EPA

O'qilish vaqti: 5 daq

Donald Tramp "Tehron kelishuvni qattiq istayapti", deganidan so‘ng Eron harbiylari AQSh "o‘zi bilan o‘zi muzokara" olib borayotganini aytdi. Trampning 15 bandli tinchlik rejasida nimalar bor?

Eronning asosiy harbiy qo‘mondonligi — Xotam al-Anbiyo markaziy shtabi matbuot kotibi (AQSh va Tramp nomini tilga olmasdan) "o‘zini dunyodagi superkuch deb e’lon qilgan davlat" haqida gapirdi. U "mag‘lubiyatingizni kelishuv deb atamang" dedi.

Ibrohim Zulfiqoriy Eron OAVlarida e’lon qilingan video murojaatida shunday deydi:

"Ichki ziddiyatlaringiz shunchalik kuchayib, o‘zingiz bilan o‘zingiz muzokara qilayotgan darajaga yetdimi?"

"To mintaqada barqarorlik qurolli kuchlarimizning qudratli qo‘li bilan ta’minlanishini tushunib yetmaguningizgacha, bu yerdagi sarmoyalaringizni ham, energiya va neftning avvalgi narxlarini ham qaytib ko‘rmaysiz. Barqarorlik kuch orqali keladi," dedi Zulfiqoriy.

U, shuningdek: "Biz kabilar sizlarga o‘xshaganlar bilan hech qachon kelishmaydi. Hozir ham, bundan keyin ham", dedi.

Trampning 15 bandli tinchlik rejasida nimalar bor?

Prezident Tramp Eronga yuborganini aytgan 15 bandli reja hali rasman e’lon qilinmagan. Uning mazmuni haqida hozircha rasmiy tasdiq yo‘q. Biroq ayrim tafsilotlar Isroil va AQSh OAVlarida paydo bo‘lmoqda.

Isroilning Channel 12 telekanali xabar berishicha, rejada quyidagi talablar bor:

  • Natanz, Isfahon va Fordovdagi yadroviy inshootlar ishdan chiqarilib, yo‘q qilinadi
  • Erondagi faoliyat ustidan Xalqaro atom energiyasi agentligi (IAEA) tomonidan to‘liq shaffoflik va nazorat o‘rnatiladi
  • Eron mintaqadagi qurollangan proksi kuchlardan voz kechadi, ularni moliyalash va qurollantirishni to‘xtatadi
  • Allaqachon qo‘lga kiritilgan yadroviy salohiyat butunlay tugatiladi
  • Yadroviy qurolga erishmaslik bo‘yicha majburiyat olinadi
  • Eron hududida uran boyitish to‘xtatiladi, barcha boyitilgan materiallar IAEAga topshiriladi
  • Hormuz bo‘g‘ozi ochiq qoladi va "erkin dengiz hududi" sifatida saqlanadi
  • Eron raketalari bo‘yicha qaror keyinchalik qabul qilinadi, ammo ularning soni va parvoz masofasi cheklanadi va faqat mudofaa maqsadida qo‘llaniladi

Reja doirasida Eronga nima taklif etilmoqda:

  • Bushehrda elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun fuqaroviy yadroviy loyiha rivoji bo‘yicha AQSh yordami
  • Barcha sanksiyalarni bekor qilish
  • Sanksiyalarni qayta joriy etish tahdidini bartaraf etish

Shuningdek, muzokaralar davomida bir oylik ehtimoliy o‘t ochishni to‘xtatish haqida ham xabarlar bor. Biroq bu ma’lumotlar hozircha tasdiqlanmagan va Oq uy tomonidan batafsil izoh berilmagan.

24 mart: Eron Tashqi Ishlar vaziri: "Eron to‘la qonli otashkesimni istaydi, muvaqqat emas". AQSh Eron bilan muzokaralar o‘tkazadimi?

Tehronga hujum oqibatlari.

Surat manbasi, Getty Images

Surat tagso‘zi, Muzokaralar ehtimoli mavhum qolar ekan Eronga hujumlar davom etmoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri Vang Yi eronlik hamkasbi Abbos Aroqchi bilan so‘zlashganini ma’lum qilgan.

Xitoy matbuotida berilgan xabarga ko‘ra, janob Aroqchi "Eron muvaqqat emas, to‘la qonli otashkesimni istashini" aytgan.

Janob Aroqchi shuningdek, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi hamma uchun ochiq ekani va kemalar xavfsiz u yerdan o‘tishlari mumkinligi, ammo hozirda urush vaziyatida bo‘lgan mamlakatlar bundan istisno" ekanligini aytgan.

Xitoy matbuoti Tashqi ishlar vazirining "urishishdan ko‘ra, so‘zlashish yaxshiroq" ekani haqidagi so‘zlarini chop qilgan.

Janb Yi tinchlik uchun har qanday imkoniyatdan foydalanish va tinchlik jarayonini iloji boricha tezroq boshlashga da’vat qilgan.

AQSh Eron bilan muzokaralar o‘tkazadimi?

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan "o‘ta jiddiy muzokaralar" o‘tkazilishi haqida aytar ekan, aslida bu kabi ehtimol o‘ta mavhumligicha qolmoqda.

Eron tomonidan AQShga nisbatan shubha hanuz juda kuchli.

O‘tgan yili fevral va iyun oylarida o‘tkazilgan 2 muzokara ortidan Isroil AQSh qo‘llovida havo hujumlarini boshlab yuborgandi.

Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi va AQSh maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasida telefon muloqoti bo‘lib o‘tgani haqida xabarlar bor. Ammo bu muloqot hali to‘la qonli muzokara emasligi ham aytilmoqda.

Pokiston, Turkiya va Misr doxil qator davlatlar tanglikni yumshatish yo‘lida harakatlar qilishmoqda.

Bu davlatlar rahbarlarining janob Tramp bilan yaqin aloqalari bor va Arab davlatlari rahbarlari bilan ham joriy mojaro mobaynida faol aloqada bo‘lib kelishgan.

Eron ko‘proq ishonadigan Ummon ham ancha faol.

Kelajak bir necha kunda nimalar bo‘lishi noma’lum, ammo Eron rasmiysi Muhammad Bog‘ir G‘olibof tez orada AQSh vitse-prezidenti J.D Vans bilan uchrashishi mumkinligi aytilmoqda.

AQSh prezidenti Trampning oxirgi kunlarda Eron bilan bog‘liq izhorotlari ohangi bir tomondan diplomatik, boshqa tomondan chalg‘ituvchi edi.

Juma kuni janob Tramp Eron bilan urush "nihoyalab bormoqda", deb aytgandi.

Shanba kuni AQSh prezidenti Eronga Ho‘rmuz bo‘g‘ozini ochish uchun 48 soat muhlat berdi. Aks holda Eron energiya infratuzilmasi yo‘q qilinishi haqida po‘pisa qildi.

Dushanba kuni ertalab u "Eronliklar konstruktiv muzokaralarga kirishishdi", deb aytdi. Eronga qaqshatqich hujumlar 5 kunga kechiktirilishi aytildi.

Tahlilchilarga ko‘ra, janob Tramp ultimatumlari bilan o‘zini bir qadar chorasiz vaziyatga qo‘ygan va vaqtni cho‘zish uchun imkon qidirayotgan bo‘lishi mumkin.

Muzokaralar boshlanmagan bo‘lsa ham, bu kabi ehtimol haqida xabarlar chiqishi bilan jahon bozorlarida neft narxi tusha boshladi va AQSh moliya bozorlarida hissalar narxi oshdi.

Eronga hujumlar davom etmoqda

Dushanba kuni Isroil Tehrondagi "rejim infrastrukturasiga keng ko‘lamli havo hujumlari" amalga oshirilganligini ma’lum qildi.

Shu bilan birga AQSh Qurolli kuchlari Bosh shtabi "Eron harbiy nishonlariga havodan aniq hujumlar davom etayotganligi"ni ma’lum qilgan.

Eron Qizil Xoch tashkiloti ma’lumotlariga binoan, urush boshlanganidan beri havo hujumlarida 82 ming 417 fuqaroviy ob’ekt vayron qilingan.

Tashkilot rahbariga ko‘ra, 281 shifoxona, poliklinika va dorixona ham nishonga olingan.

Urushning eronlik qurbonlari

Paraste Dahagiyon (chapda) va Berivan Mavloniy (o‘ngda)

Surat manbasi, Supplied

Surat tagso‘zi, Paraste Dahagiyon (chapda) va Berivan Mavloniy (o‘ngda) Eronda halok bo‘lgan insonlardan atigi 2 nafari.

Farmakolog Paraste Dahagiyon ish joyida bo‘lgan vaqti hujum oqibatida halok bo‘ldi.

Berivan Mavloniy hali uyquda bo‘lgan vaqti boshiga raketa parchasi kelib urildi.

Uch hafta mobaynida AQSh va Isroil Erondagi minglab nishonlarga hujum qilgan ekan, Tehron va boshqa shaharlar aholisi uzra bombalar yog‘ilmoqda.

Halok bo‘lganlar orasida yosh bolalar ham bor. 3 yoshli Elima Bilki bomba hujumida jarohat olganidan 1 kun o‘tib vafot etdi.

Tinch aholi orasida qurbonlar soni ortmoqda.

Erondan axborot olish o‘ta mushkul bo‘lsa ham halok bo‘lganlarning kichik bir qismi haqida ma’lumotlar sizib chiqmoqda.

Paraste Dahagiyon Tehrondagi raketa hujumiga tutilgan Texnologiya markazi yaqinidagi dorixonada ishlardi.

Internetda uning dafn marosimida olingan video chop qilingan.

Akasining yozishicha, singlisi o‘z ishini bajarayotgan vaqti halok etilgan.

Eylima Bilki

Surat manbasi, Hengaw

Surat tagso‘zi, 3 yoshli Eylima Bilki hujum oqibatida halok bo‘lgan.

3 yoshli Eylima Bilkining suratini VVS ga Kurd Inson haqlarini himoya qilish guruhi Hengaw taqdim qilgan. Ularga ko‘ra, Yelima mart oyi boshidagi hujumlarda jarohat olib, vafot etgan.

26 yoshli Berivan Mavloniy onlayn orqali kiyim bosh savdosi bilan shug‘ullanardi. Hujumlar boshlanganidan so‘ng dastlab mamlakat shimoliga chiqib ketgan Berivan uyini sog‘ingani uchun Tehronga qaytgandi.

Yaqinlarining aytishlaricha, ular Eron Josuslik xizmati rahbari Ismoil Xatib ularning ro‘parasidagi uyda yashashidan umuman xabarlari bo‘lmagan. Bu haqda Instagramda uning dugonasi yozgan.

Eron Qizil Xoch tashkiloti Berivan uyi vayronalari ostidan onasini olib chiqishga urinayotgan vaqti «Qizim qaerda, tirikmi?» deya aytayotgan so‘zlari tushirilgan vidoni chop qilgan.

Og‘ir jarohatlangan Berivanni ham vayronalar ostidan olib chiqishdi. Ammo u tez orada olamdan ko‘z yumdi.

Berivan dugonasining yozishicha, ushbu hujum oqibatida Berivanning yana qator qo‘shnilari ham halok bo‘lishgan.

AQShda joylashgan Eron Inson haqlari faollari xabar agentligi HRANA ma’lumotlariga ko‘ra, shu vaqtgacha Eronda 1 400 inson halok bo‘lgan. Ulardan 15 foizi yosh bolalar.

Eng qonli hujumlardan biri Minob shahridagi boshlang‘ich maktabga bo‘lgan.

Xabarlarda hujum uchun AQSh mas’ul ekanligiga ishora qilinmoqda. Ammo AQSh harbiylari hujumda mas’uliyatni rasman tan olishmagan va hodisa yuzasidan tekshiruvlar davom etayotganligini bildirishgan.

Hengaw kurd inson haqlari tashkiloti ushbu hujumda 48 nafar yosh bola doxil 58 inson halok bo‘lganligini aniqlashga qodir bo‘lgan.

Eron rasmiylari qurbonlar haqida rasmiy ma’lumot berishmagan. Ammo HRANA kamida 1167 nafar harbiy o‘ldirilganligini aytmoqda.