Kremlning Internet jilovini siqishidan rossiyaliklar norozilar

Quyosh botar mahal Kreml fonida telefoniga qarab turgan ayol

Surat manbasi, AP

    • Author, Stiv Rozenberg
    • Role, BBC Rossiya muharriri
  • O'qilish vaqti: 6 daq

Kreml yaqinidagi prezident ma’muriyati binosi tashqarisida o‘nlab odam navbatda turiptilar.

Ular Prezident Putindan Internetni bostirishni to‘xtatish talabi ilgari surilgan petitsiyani topshirish uchun kelganlar.

Rossiya rasmiylari mamlakat kiber makoni ustidan nazoratni tobora kuchaytirmoqdalar.

Global messenjer applikatsiyalariga "kirish" cheklandi, shuning uchun mobil Internet ishi buzilishi keng tarqaldi, hatto butkul o‘chdi ham.

Prezidentga petitsiya yozish qonuniy. Ammo avtoritar davlat boshing ustiga undan yuqorisiga chiqmasliging uchun to‘siq qo‘yadi.

Va bu narsani odamlar his qilayaptilar.

Ko‘chada xavfsizlik zobitlari petitsiya tashkilotchilari va bizni videoga olishayapti.

"Qo‘rqayapsizmi?", deb so‘rayman men navbatda turgan Yuliyadan.

"Judayam qo‘rqayapman. Qaltirayapman," javob qaytaradi u.

Putin Internet buzilishi ro‘y berayotganini tan oldi. Buni "terrorchilik xurujlari oldini olish maqsadidagi amaaliyot ishi" deb ta’rifladi.

U rasmiylarga hayotiy muhim Internet xizmatlari "uzilishsiz faoliyat yuritishi"ni ta’minlash ko‘rsatmasini berganini aytdi.

Kreml yaqinida Internet uzilishiga qarshi Prezident Putinga petitsiya tashkil qilib, bu petitsiyani topshirish uchun navbatda turgan kishilar
Surat tagso‘zi, Rossiyaliklar prezidentga qonuniy petitsiya tashkil qilishlari mumkin. Biroq bosh tepasidagi to‘siqdan oshish haqiqiy xavfni yuzaga keltiradi

Xizmat ko‘rsatish shirkati sohibasi bo‘lgan Yuliya Internetni senzuralash amallari o‘zining biznesiga qanday ta’sir ko‘rsatganini tushuntiradi.

"Saytimizga kirish imkonsiz bo‘lib qolgan kunlar ham bo‘ldi. Biz daromad qilolmay qoldik", deydi u.

"Har doim Internetga to‘siq qo‘yishgan, Telegram va WhatsAppni bloklashgan vaqtida biz pul yo‘qotayapmiz. Biznesim to‘la Internetga bog‘langan. Agar Internet bo‘lmasa, ishimizni davom ettirolmaymiz", deydi Yuliya.

Rossiya rasmiylari kommunikatsiyaga cheklov qo‘yish jamoat xavfsizligi manfaatiga xizmat qiladi deb ta’kidlaydilar. Ularning da’vosicha, mobil Internet o‘chirilishi Ukraina dronlarini yo‘lidan og‘diradi, ammo dron hujumlari Internet to‘liq o‘chirilgan hududlarda ham to‘xtamayapti.

Rasmiylar global messenjerlarni Rossiyaning ma’lumotlarga oid qonunlariga bo‘ysunmaslikda ayblaydilar. WhatsApp bilan Telegram qattiq bloklanayapti. Ayni paytda davlat regulyatorlari cheklovlarni chetlab o‘tishga yordam beradigan VPNlarni nishonga olayaptilar.

"Suveren Internet"ni joriy etish yo‘lidagi harakat sifatida hukumat davlat qo‘llab-quvvatlagan Rossiyaning o‘zining Max messenjerini targ‘ib etayapti.

Unga nisbatan esa jamoatchilik ehtiyotkor.

Yuliya Grekova Stiv Rozenbergga hujjatlarni ko‘rsatayapti
Surat tagso‘zi, Yuliya Grekova Internet cheklanishiga qarshi protest tashkil qilishga urindi, ammo rasmiylar bunga yo‘l qo‘ymadilar

"Ko‘pchilik, hukumat biz yozgan xabarlarimizni tekshirib turish uchun messenjer yasagan, deb o‘ylaydi", deydi sobiq deputat, prezidentlik saylovlaridan birida o‘z nomzodini Putinga qarshi ilgari surgan Boris Nadejdin.

Bundan tashqari, Rossiyaning ko‘plab hududlarida faqat hukumat ma’qullagan veb-sayt va xizmatlar mobil telefonda ochiladi.

Bu xuddi raqamli "Temir devor" qurilayotganga o‘xshaydi.

"G‘oya Rossiyani tashqi dunyodan uzib qo‘yish. Chunki bu narsa rossiyaliklarning miyasi uchun zahar degan ishonch bor", deydi muxolif "Novaya Gazeta" sharhlovchisi Andrey Kolesnikov.

"Rossiya doim o‘zini "yomon, inqilobiy, hur g‘oyalar" manbai bo‘lgan G‘arbdan to‘sib kelgan. Har doim", deydi u.

Biroq rossiyaliklar raqamli zamon va Internetga kirganidan keyin bu qadar keng miqyosdagi kiber cheklov va to‘siqlar qo‘yilishi ayrimlarni larzaga soldi.

"Gap so‘z erkinligi haqida emas, odatlar haqida borayapti", deydi faol Yuliya Grekova.

"Odamlar narsalar uchun pul to‘lash va taksi buyurtma berishda mobil telefondan foydalanishga ko‘nikib qolganlar. Avtobusda o‘tirib do‘stlariga xat-xabar yozadilar. Ishi uchun, jamoat xizmati yoki yaqinlari bilan bog‘lanish uchun mobil internetdan foydalanmaydigan odam bugun juda kam. Shuning uchun bunga munosabat g‘azabnok bo‘layapti. Bu narsa hammaga ta’sir qildi", deydi Yuliya Grekova.

Rossiya davlati ma’qullagan MAX messenjeri reklamasi

Surat manbasi, MAX

Surat tagso‘zi, Kreml rossiyaliklarni davlat ma’qullagan MAX messenjeridan foydalanishga da’vat qilayapti, lekin ko‘pchilik MAXdan kuzatish uchun foydalanadilar degan xayolda

Men Moskvadan 190 kilometr uzoqlikdagi Vldimir shahrida Yuliya Grekova bilan suhbatlaashdim. U yaqinda Internet cheklanishig qarshi yurish tashkil qilishga urindi.

"Biz rasmiylarga ariza topshirdik va tadbirni o‘tkazish uchun bir necha joyni taklif qildik. Ular bizga imkonsiz deb javob qaytardilar, biz taklif qilgan 11 joyning hammasida o‘sha kuni ko‘chalar tozalanadi, degan vaj keltirdilar".

"Shahar hokimligi muqobil joy va vaqtni taklif qildi. Ammo keyinroq Ukraina dronlari xavfi borligi uchun o‘tkazib bo‘lmaydi, dedilar".

Yuliyaning oldiga politsiyadan kelishdi va protest o‘tkazmaslik lozimligidan ogohlantirdilar.

"Ular men ishlaydigan joyga bordilar. Politsiya mashinasi va uch odam. Ular prokurordan rasmiy ogohlantirishga imzo qo‘yganimni videoga oldilar. Men o‘zini xuddi terrorchidek his qildim", deydi Yuliya.

Ommaviy norozilik o‘tkazish maqsadidagi shunga o‘xshash arizalar Rossiyaning o‘nlab shaharlarida rad etildi. Moskva viloyati rasmiylari koronavirus xavotirini sabab qilib ko‘rsatdilar. Penza rasmiylari protest yurishini o‘tkazib bo‘lmaydi, chunki ariza berilgan joyda rolikli konkilarda uchish darslari rejalangan, deb javob berdilar.

Iqtibos

Men Vladimir shahrida mobil telefonimni tekshirdim. Taksi buyurtma beradigan ilova ishlayapti, men davlat matbuoti saytlariga kirolaman. Biroq Google qidiruvi ishlamayapti. Mustaqil yangilik saytlari ham ochilmaayapti.

"Muloqot qilish qiyin bo‘lib qoldi," deydi bolasini sayrga olib chiqqan Mariya. "Biz eng so‘nggi xabarlardan voqif bo‘lishni istaymiz. Uning o‘rniga biz ortda qolayapmiz."

Biz tobora suhbatlashgan sayin Mariyaning gapirgisi kelmayotgandek ko‘rinadi.

"O‘tmishda Internet bo‘lmagan zamonlarda dunyo yorug‘ joy bo‘lib ko‘rinar edi. Chunki biz kam narsani bilardik", deydi u.

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi-chi?

"Men unaqa yangiliklardan o‘zimni olib qochaman. Men ular bilan boshimni to‘ldirishni xohlamayman. Biz o‘ldirilgan odamlar haqidagi yangiliklardan charchadik", deydi Mariya.

"[Internet cheklangani] kundalik muammolarni paydo qilayapti. Bugun benzin uchun to‘lolmadim. Navigator tuzuk ishlamayapti," deydi Denis.

"Odamlarning jahli chiqayapti. Ayniqsa, kichik biznes odamlarining. Chunki Internet yo‘g‘ida ular mijozlaridan mahrum bo‘layaptilar", deydi Aleksandr.

"Bu xuddi orqaga qarab yurishga o‘xshaydi, o‘tmishga qarab sudralish", deydi Yuliya Grekova.

A young man is seen using his mobile phone while sitting on a park bench on a clear day in Vladimir
Surat tagso‘zi, BBC jamoasi Vladimir shahriga borganida Internet cheklangan edi

Rossiyaning Internetni bostirayotgani o‘tmishga qarab yo‘lmi?

"Yo‘q, unday emas," deydi Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov, men Moskvaga qaytib kelib unga bog‘langanimda.

"Joriy vaziyatda xavfsizlik hisob-kitobi muayyan choralarni talab qiladi. Bu choralar ko‘rilayapti va bizning aksar fuqarolarimiz buni tushunish bilan qabul qilayaptilar", deydi Dmitriy Peskov.

"Internet cheklovlari ko‘p odamlar uchun noqulaylik tug‘dirishi aniq. Lekin biz hozir shunday davrdamiz. Bu kabi choralar g‘oyib bo‘lganidan keyin xizmatlar yana to‘la qayta iziga tushadi, normalga qaytadi".

Biroq cheklovlar va bosimlar yangi normallikning boshlanishiga o‘xshayapti.

"Rejim yana ortga qaytishga tayyor emas, deb o‘ylayman. Ular yanada ko‘p qatag‘on yo‘lida oldinga ketadilar", degan xulosaga keladi jurnalist Andrey Kolesnikov.

"Norozilikning ortishi rasmiylar uchun yomon va kelajakka ham ta’sir qilishi mumkin. Bu qanday shaklda bo‘lishini biz bilmaymiz. Lekin g‘azab va norozilik kuchayib borayotgani aniq", deydi u.

Va bu narsa yuzada ko‘rinadi.

Yaqinda rossiyalik mashhur bloger Viktoriya Bonya Instagramda Rossiya prezidentiga murojaat e’lon qildi. U Internet bostirilishi va Rossiyadagi boshqa hodisalarni tanqid qildi.

Video mashhur bo‘lib ketdi, uni o‘n millionlab marta tomosha qildilar. O‘zining monologida Viktoriya Bonya Putinni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblamadi. Lekin unga murojaat qilib dedi: "Siz bilan biz - oddiy odamlar o‘rtasida katta, qalin devor bor".

22 aprel kuni Keml rahbari yordam berolmasligini, biroq Internet to‘silishi oqibatida rossiyaliklar duch kelayotgan muammolarga "e’tibor qaratishi"ni aytdi.

U huquq-tartibot idoralaridan "fuqarolarning hayoti muhim manfaatlarini qondirish"da "ixtirochilik va professionalizm" namoyish etishni talab qildi.

Bu qaror bekor qilinishi emas, cheklovlarga nuqta qo‘yilishiga ishora yo‘q edi.

Rossiyadagi oxirgi so‘rov Putinning reytingi 2022 yil Ukrainaga to‘laqonli bosqin boshlaganidan keyingi eng quyi nuqtaga yetganini ko‘rsatdi.

Ommaning bezovtaligiga yog‘ quyayotgan faqat Internet cheklovlari emas. Rossiyaliklarni iqtisodni ahvoli o‘ylantirayapti va Ukraina urushidan toliqish ortib borayapti.

"Odamlar o‘zlarining tibbiyot, oziq-ovqat narxlari va Internet bilan bog‘liq muammolari va Vladimir Putinning siyosati o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik borligini tushuna boshladilar. Va bu Rossiyadagi yangi vaziyat", deydi Boris Nadejdin.

Yulia wears overalls and a hairnet in am industrial kitchen with orange walls. A man in a chefs hat and apron walks behind her.
Surat tagso‘zi, Yuliya o‘zining biznesi mijozlarning Internetga ulanganiga bog‘liqligini aytaadi

Prezident ma’muriyatiga arizasini topshirgandan keyin Yuliya yana o‘zining ishiga qaytdi — u o‘zining umumiy ovqatlanish oshxonasida non yopmoqda.

U o‘z pozitsiyasini ochiq bildirdi, ammo buning biror o‘zgarishga olib kelishiga ishonchi komil emas. U allaqachon internetdagi cheklovlarga qanday moslashish haqida o‘ylayapti. Yuliyaning aytishicha, rossiyaliklarning katta o‘zgarishlarga moslashish bo‘yicha tajribalari ko‘p.

«Katta bobom boyroq odam bo‘lgan. Sovet qishlog‘ida boy bo‘lish gunoh hisoblangan. Uning mol-mulkini tortib oladilar va Sibirga surgun qiladilar. Lekin oilasi moslashdi".

«Ota-onam Sovet Ittifoqi parchalanishini boshlaridan kechirdilar: ular bozor iqtisodiyotiga moslashdilar. Endi navbat menda — moslashishim kerak. Keyin esa navbat qizimga keladi».

Yuliya Rossiyadagi keyingi vaziyat rivojlanishini qanday ko‘radi?

"Kelajak haqida do‘stlar va qarindoshlar bilan kundalik suhbatlarda umuman gapirilmaydi», — deya tushuntiradi u. «Gap shunday: uch kundan keyin nima qilamiz, bir haftadan keyin, bir oydan keyin? Bir oydan uzog‘iga hech narsa rejalashtirilmaydi".

Men pechda kengayib, ko‘tarilayotgan nonni kuzatganimdek, Rossiya bo‘ylab ham chuqur va kengayib borayotgan noaniqlik hissi o‘sib borayapti.