You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Dayjest: Kuch tizimlari rahbarligiga ayollar, islomiy bank tomon yana bir qadam
So‘nggi kunlarda O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar vazirliklari va Toshkent shahar ichki ishlar boshqarmasi mas’ul lavozimlariga kamida sakkiz ayol tayinlandi, bu asosan erkaklar ishlaydigan kuchishlatar tizimlarida ayol kishilar rahbar etib tayinlangani e’tiborga sazovor hodisa sifatida qabul qilinmoqda.
Telegramdagi Nova24 kanali xabar qilishicha, podpolkovnik Sartoeva Shohista Yaxshibekovna Jizzax viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining "Xavfsiz faoliyat" o‘quv markazi boshlig‘i etib tayinlaangan.
Bundan oldin Shohista Sartoeva ushbu boshqarmaning shaharsozlik sohasi profilaktika bo‘limi nazoratchisi bo‘lib ishlagan.
Kapitan Axunova Saidaxon Inomjonovna O‘zbekiston Teleradiokompaniyasining "Toshkent ovoz yozib olish uyi" favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangan.
Saidaxon Axunova bundan oldin Toshkent shahridagi O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi FV boshqarmasi nazoratchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
Kapitan Maxamatjanova Shaxnoza Kamalidinovna Toshkentdagi Kasaba Uyushmalari saroyi FV boshqarmasi rahbari etib tayinlangan.
U bundan oldin poytaxtdagi "Turkiston" san’at saroyi FV boshqarmasida nazoratchi bo‘lib ishlagan.
Podpolkovnik Salaeva Zulfiya Kuchumovna Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik Katta teatri Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.
Salaeva Zulfiya bundan ilgari O‘zbekiston Senat binosi FV boshqarmasi katta nazoratchisi lavozimida faoliyat yuritgan.
"Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ayol xodimlar soni oshib bormoqda.", deb xabar berdi Rasmiy Xabarlar Telegram kanali.
Ichki ishlar tizimida yangi ayol rahbarlar
Podrobno.uz axborot sayti xabar berishicha, Komila Jumaeva Ichki ishlar vazirligining tezkor-qidiruv boshqarmasi tarkibidagi bo‘limga rahbar etib tayinlangan.
"Vazirlik matbuot xizmati 25 mart kuni mazkur kadrlar qarorini e’lon qilib, mutaxassisning vazirlik tuzilmasidagi izchil lavozim yo‘nalishiga alohida e’tibor qaratdi", deb yozdi podrobno.uz
U bundan oldin ham shu bo‘limda yetakchi mutaxassis sifatida ishlagan.
"Endilikda Jumaeva jinoyatlarni aniqlash, oldini olish va tergov qilish jarayonlarini respublika miqyosida muvofiqlashtirish uchun mas’ul", — deya qayd etdi Podrobno.uz.
"Uning rahbarligi ostida bo‘lim o‘zining tezkor ish uslublarini zamonaviylashtirishni davom ettirishi va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash choralarini kuchaytirishi kutilmoqda", — deb qo‘shimcha qilindi.
Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi o‘zining Telegram kanalida yana boshqa ayollar tayinlovlari haqida ham ma’lum qildi.
Kapitan Diloram Xudayberganova Toshkent shahrining Yangihayot tumani militsiyasida migratsiya va personalizatsiya bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi.
U buning oldin Sergeli tumanida xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha katta inspektor bo‘lib faoliyat yuritgan.
Mayor Nasiba Xatamova Jazoni ijro etish departamenti tasarrufidagi ko‘p tarmoqli muassasa — Maxsuslashtirilgan 23-sonli mahkumlar shifoxonasiga bosh vrachning o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Podpolkovnik Gordienko Oksana Mixaylovna Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - jamoat tartibini saqlash va ommaviy tadbirlarni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Bungacha Oksana Gordienko Toshkent shahar IIBB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi nazorat litsenziyalash faoliyati bo‘linmasi muhim topshiriqlar bo‘yicha inspektori lavozimida ishlagan.
Dunyo.uz veb-nashri o‘zining Telegram kanalida Toshkent shahar militsiyasi tashkil etgan Navro‘z tadbiri haqida xabar berdi.
Unda ichki ishlar tizimida xizmat qilayotgan ayollar bayramga yig‘ildi.
Qatnashchilar orasida quyi lavozimdagi xodimlardan tortib, tezkor xizmat a’zolari va podpolkovnik darajasidagi ofitserlargacha bor edi.
"Eng quvonarlisi shuki, ichki ishlar tizimidagi ayollar soni ortib bormoqda. Ular faqat xizmat qilibgina qolmay, balki rahbarlik lavozimlarida ham samarali ishlamoqda", — deya ta’kidladi veb-nashr.
Prezident administratsiyasi huzuridagi strategik islohotlar agentligi rahbari Aziza Umarova ayollarning rahbarlik lavozimlaridagi ahamiyatini olqishladi.
"Dunyo zo‘ravonlikka botib ketayapti. Barcha darajalarda ayollar sonining ko‘payishi — muvozanatning oshishi va vayrongarchilikning kamayishi demak", — deb yozdi Umarova Facebookda.
O‘zbekistonda islomiy bank tomon yana bir qadam
Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda islomiy bank faoliyatini ochishga bag‘ishlangan qonunni imzoladi.
27 mart kuni imzolangan va uch oydan keyin kuchga kirishi mo‘ljallangan qonunning maqsadi - mamlakatda islomiy bank xizmatlarini bosqichma-bosqich joriy etishga, yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga, islomiy bank faoliyatini rivojlantirish uchun yo‘naltirilgan xorijiy investitsiyalarni jalb etish ekani xabar qilindi.
Bundan oldin Prezident Mirziyoyev raisligida o‘tgan majlisda islomiy bank xizmatlarini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilingan edi.
"Yurtimizda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda", deya xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
Mamlakatda 2026 yili kamida bitta tijorat bankida islomiy "darcha" faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030 yillarda to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiradigan ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgani xabar qilindi.
Dunyodagi halol moliyaviy mahsulotlarni solishtirish va tanlash uchun mo‘ljallangan platforma HalalWallet tadqiqotiga ko‘ra, jami islomiy moliya aktivlari 4,5 trillion dollardan oshgan.
Bu soha dunyodagi eng tez o‘sayotgan moliyaviy tizimlardan biridir.
Islomiy moliyaviy xizmatlar bo‘yicha xalqaro kengash (IFSB) ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda jahon islomiy moliya aktivlari 3,88 trillion dollarga yetgan, yillik o‘sish 14,9% ni tashkil qilgan.
Manbalardagi farq metodologiyalar turlichaligi bilan izohlanadi.
Ammo umumiy holat quyidagicha: islomiy moliya aktivlari 2024–2026 yillar oralig‘ida 3,9 – 4,5 trillion dollar atrofida o‘sgan.
27 mart. Kamarsiz avtomobil boshqarganim isboti qani? O‘zbek AESi qanchaga tushadi?
Timez.uz Telegram kanali xabar qilishicha, Internet ijtimoiy tarmoqlarida Toshkent shahrida avtomobil haydovchilariga kuzatuv kameralari orqali kelgan qoidabuzarlik bilan bog‘liq jarimalarda suratlar "tahrir qilinayotgani" haqidagi xabarlar tarqalmoqda.
Timez.uz Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida istiqomat qiladigan kishi videosini e’lon qildi.
Video muallifi o‘ziga avtomobilni kamar taqmasdan haydagani uchun jarima kelganini bildiradi.
U ikki qoidaga amal qilishi: biri spirtli ichimlik iste’mol qilmasligi, ikkinchisi mashinani hech qachon kamarini bog‘lamasdan haydamagani uchun jarima yozishga nima asos bo‘lganini o‘rganishga qaror qilganini aytadi.
Video muallifi so‘zlariga ko‘ra, o‘zining nomiga kelgan jarima isboti sifatida yuborilgan surat "qayta ishlangan", ya’ni, chap yelkasidan o‘tkazilgan ehtiyot kamari "yo‘q qilib qo‘yilgan".
Uning aytishicha, foto suratlar "qo‘rqinchli darajada chaplangan", surat ustida retushyorlar "qattiq ishlashgan".
Video muallifi o‘zining kamarni taqmasdan avtomobilini boshqargani tasvirga olingan videoni ko‘rishga qaror qiladi.
Jarima to‘lash uchun tashkil etilgan Internet saytida videoni topolmagan muallif jarima qarori ustidan shikoyat qilishga harakat qilganini aytadi.
Biroq saytdagi talablar shunday "qurilganki", muallif shikoyat qilolmaydi.
U Toshkent shahrida bundan oldin ermatovamir o‘zining kamarsiz avtomobil boshqargani jarimasida foto surati "tahrir qilgani" hodisasi ro‘y berganini eslatadi.
Timez.uz yozishicha, video ostida qoldirilgan izohlarda yuzlab odamlar aynan shunday vaziyatga duch kelganlari haqida yozib qoldirganlar.
Tarmoq foydalanuvchilari rasmiylardan ushbu firibgarlik holati yuzasidan tekshirish o‘tkazishni talab qilmoqdalar.
Hozircha rasman ushbu iddaolarga munosabat bildirilganicha yo‘q.
O‘zbekiston AESi $24 mlrdga tushadi
"Fergana.ru" axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekistondagi kichik AES qurilishi 24 milliard AQSh dollariga tushadi.
Bu haqda "Rosatom" rahbari Aleksey Lixachyov aytdi.
Aleksey Lixachyovning TASS axborot agentligiga aytishicha, O‘zbekistondagi loyiha Rossiya ishlab chiqarish korxonalariga 2 trillion Rossiya rubligacha buyurtmalar olish va taxminan 1000 ish o‘rnii yaratish imkonini beradi.
Shu kecha-kunduzda 1 AQSh dollari 81,55 Rossiya rubliga teng bo‘lib turipti, 2 trillion rubl 24,5 milliard dollarni tashkil etadi.
"Rossiyadagi ham xususiy shirkatlar va ham davlat ulushi bo‘lgan kompaniyalar orasida bizning juda ko‘p sheriklarimiz bor. Faqat kichik blok qurilishining o‘zi 2 trillion rublgacha buyurtma hajmini, bandlik nuqtai nazaridan esa bevosita Rossiyaning Federatsiyasining o‘zida mingga yaqin ish o‘rnini barpo etish imkoniyatini beradi", dedi "Rosatom" rahbari.
24 mart kuni "O‘zatom" bilan "Rosatom" O‘zbekistondagi dastlabki AES qurilishiga oid yana qo‘shimcha bitimlarni imzoladilar.
O‘sha kuni Jizzax viloyati Forish tumanida yadroviy energoblok fundamentiga beto quyish ishlari boshlandi.
Bundan oldin AES qurish O‘zbekistonga qanchaga tushishi rasman e’lon qilinmagan.
"O‘zatom" rahbari bir yilcha oldin kichik AES qurish 2 milliard dollardan oshmasligini aytgan.
"Biroq xarajatlar tarkibi, bitimlar tarkibi va moliyalash parametrlarisiz bu raqam qanchalar to‘g‘ri kelishi aniqlash hozircha imkonsiz", deb yozadi Fergana.ru.
O‘zbekiston va Tojikiston prezidentlari Somoniy maqbarasini ziyorat qildilar
Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning O‘zbekistonga davlat tashrifining ikkinchi kunida ikki mamlakat rahbarlari Buxoro viloyatiga tashrif buyurdilar.
Prezidentlar Naqshbandiya so‘fiylik tariqati asoschisi Bahouddin Naqshband ziyoratgohiga bordilar.
"Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi. Bahouddin Naqshband ta’limotining ezgu tamoyili – "Dil ba yoru, dast ba kor" shiori insonni mehnatsevarlik va ruhiy poklikka da’vat etishi alohida ta’kidlandi", deb xabar qildi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.
So‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Emomali Rahmon Buxoro shahridagi Somoniy maqbarasini ziyorat qildilar.
Ushbu me’moriy yodgorlik Markaziy Osiyoda pishiq g‘ishtdan bunyod etilgan eng qadimiy inshootlardan biri hisoblanadi. U IX asr oxiri – X asr boshlarida Somoniylar davlati asoschisi va birinchi hukmdori Ismoil Somoniy tomonidan sulolaviy maqbara sifatida qurilgan.
Tojikiston mustaqillikka erishganidan keyin Ismoil Somoniyni Tojik davlatchiligi asoschisi deb e’lon qildi.
Poytaxt Dushanbedagi eng yirik haykal Ismoil Somoniyga o‘rnatilgan.
Bugungi kunda Tojikistonda eng oliy davlat mukofoti va milliy valyuta (Somoniy) uning sharafiga nomlangan.
26 mart. O‘zbekiston tashqi siyosati: AQShdan G20 ga taklif, Tojikiston bilan ittifoqchilik va suv diplomatiyasi
26 mart kuni O‘zbekiston poytaxtidagi Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon tor doiradagi muzokaralar hamda Oliy davlatlararo kengashning birinchi yig‘ilishini o‘tkazdilar.
O‘zbekiston rahbari bu davlat tashrifini ikki mamlakat o‘rtasidagi asrlik do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashdagi muhim qadam sifatida baholadi va yangi tashkil etilgan Oliy kengash formati strategik sheriklikni ittifoqchilik darajasiga ko‘tarishini ta’kidgani aytiladi.
Muzokaralar davomida tomonlar hukumatlar va parlamentlar darajasidagi aloqalar faollashganini qayd etib, o‘zaro tovar ayirboqlash hajmini 2030 yilga kelib 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqqanlar.
Bu maqsadga erishish uchun "Oybek – Fotihobod" chegaraoldi savdo markazi qurilishini tezlashtirish, mahsulotlarni sertifikatlashni raqamlashtirish va chegara nazorat punktlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha kelishuvlarga erishilgani yoziladi.
Shuningdek, uchrashuvda tog‘-kon, energetika va qishloq xo‘jaligi kabi sohalarni qamrab oluvchi alohida Sanoat kooperatsiyasi dasturi qabul qilinishi, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shma Investitsiya kompaniyasining kapitali kengaytirilishi ma’lum qilingan.
Suv va energetika xavfsizligini kuchaytirish hamda transport-logistika aloqalarini, jumladan, "E-Permit" raqamli tizimini joriy etish masalalari ham diqqat markazida bo‘lgan.
Mintaqaviy xavfsizlik va xalqaro siyosat yuzasidan fikr almashgan davlat rahbarlari madaniy-gumanitar sohada besh yillik chora-tadbirlar rejasini amalga oshirishga kelishib olganlar.
Afg‘onistonning "Suv haftaligi"dagi ishtiroki
Energetika va suv xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati bugun Suv xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mujibur Rahmon Omar Axundzoda O‘zbekiston poytaxti Toshkentda bo‘lib o‘tgan "Suv haftaligi" deb nomlangan muhim vazirlar darajasidagi forumda ishtirok etganini va Afg‘oniston nomidan batafsil nutq so‘zlaganini e’lon qildi.
O‘z nutqida Axundzoda Afg‘oniston va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida suvni adolatli taqsimlash, suv diplomatiyasini mustahkamlash, suvni boshqarishda yangi texnologiyalardan foydalanish va iqlim o‘zgarishi ta’siriga qarshi qo‘shma hamkorlik zarurligini ta’kidlagan.
U shuningdek, Amudaryo qirg‘oqlarining vayron bo‘lishining oldini olish haqida gapirgan va nutqida Islom Amirligi suvni boshqarish sohasida qo‘shni davlatlarning huquqlariga sodiq ekanligini ta’kidlagan.
Axundzoda shuningdek, ushbu forum doirasida O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xumareev bilan uchrashgan va ikki mamlakat o‘rtasida suv sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qilgan.
Ushbu ishtirok Afg‘oniston uchun muhim qadam hisoblanadi, bu orqali mamlakatning xalqaro va mintaqaviy muzokaralarda faol ishtiroki yanada mustahkamlanadi va hamkorlikning yangi bobi ochiladi.
Donald Tramp Shavkat Mirziyoyevni G20 sammitiga taklif qildi
AQSh Prezidenti Donald Tramp O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyevga maxsus maktub yo‘lladi.
Unda Tramp o‘zbek hamkasbini Mayami shahrida o‘tadigan nufuzli G20 sammitiga hamda Tinchlik kengashining navbatdagi majlisiga taklif etgan.
Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Amerika yetakchisi o‘z xatida Shavkat Mirziyoyevning shu yil fevral oyida Vashingtonda o‘tgan Tinchlik kengashidagi ishtirokini yuqori baholagan. O‘shanda O‘zbekiston rahbari G‘azo sektorini qayta tiklash, u yerda uy-joylar, maktab va shifoxonalar qurishga yordam berish tashabbusini ilgari surgan edi.
Donald Tramp maktub davomida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etib, o‘ziga bildirilgan taklif uchun minnatdorlik bildirgan. Tramp o‘z tilaklarini "Yaratgan Sizni va O‘zbekistonning buyuk xalqini yorlaqasin", degan so‘zlar bilan yakunlagan.
Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonning dunyoning eng qudratli davlatlari yig‘iladigan G20 sammitiga taklif qilinishi Toshkentning xalqaro maydondagi obro‘yi oshib borayotganidan dalolat beradi.