Saltanat asoschisi Amir Temur go‘rini ochishdan maqsad nima edi?

O'qilish vaqti: 11 daq

Temuriylar saltanati asoschisi, ulug‘ sarkarda , bir vaqtlar jahonni larzaga solgan sohibqiron Amir Temur qabri nima uchun ochilgandi?

1941 yil yozida Samarqandga Sho‘rolar Ittifoqining yirik tarixchi, qadimshunos va antropologlaridan iborat tadqiqotchi guruhi keladi. Maqsad Go‘ri Amir – ulug‘ sarkarda Amir Temur doxil Temuriylar sulolasining eng ko‘zga ko‘ringan shaxslarining xoki qo‘yilgan maqbaradagi qabrlarni ochish.

Bugun, o‘sha voqealardan 80 yildan ortiq vaqt o‘tib, ushbu mash’um amal ortida turgan sabablar va hodisa ortidan kelib chiqqan afsonalarga tahliliy nazar tashlaymiz.

Dastlab ushbu tadqiqot guruhi tarkibidagi asosiy shaxslarni tilga olsak.

Mixail Gerasimov – mashhur antropolog va haykaltarosh. Ekspeditsiya mobaynida olingan tasvirlarda u Amir Timur bosh chanog‘ini ushlab, jilmayib turgan shaxs.

Amir Temur qabri ochilishi ortida turgan sabablar va kelib chiqqan afsonalar haqidagi hujjatli filmni BBC UZBEKning Youtube kanalida, quyidagi link orqali tomosha qilishingiz mumkin:

Guruh tarkibida shuningdek, Aleksandr Semenov – tarixshunos olim, Rossiya podshohligi davrida Samarqand boshqaruvchisi o‘rinbosari, Markaziy Osiyo tarixining yirik bilimdoni ham bor edi.

Kinooperator Malik Qayumov – qabrlar ochilishini qadam-ma qadam tasvirga olganlardan biri.

Hammasi bo‘lib tadqiqot guruhida 2 ayol doxil 24 kishi bo‘lgani aytiladi.

Hodisalar rivojini guvohlar so‘zlari asosida keltiramiz. Go‘ri Amirda ochilgan dastlabki qabr Amir Timurning o‘g‘li Shohrux Mirzoniki edi.

Uning qabri ochilganda mayiti yaxshi saqlanmaganligi aytilgan. Uning siymosini yaratish va ilmiy tadqiqotlar maqsadida Mixail Gerasimov bosh chanog‘i va umurtqa pog‘onasining bir qismini qabrdan chiqarib oldi. Qolgan suyuklari qabrning o‘zida o‘rganilgan va qayd qilingan.

Ochilgan kelgusi qabr podshoh, munajjim, olim va shoir Amir Temur nabirasi - Mirzo Ulug‘bekniki edi.

Ulug‘bek bosh chanog‘i qabrdan chiqarilgan vaqti bo‘ynidagi qilich izidan, qabrda aynan uning jasadi ekanligiga ishonch hosil qilinadi.

Ochilgan kelgusi qabr saltanat asoschisi Amir Temurniki bo‘ldi.

Guvohlarga ko‘ra, tadqiqotchilar orasida hayajon aralash qo‘rquv hissi hukmron edi. Chunki buyuk sarkarda qabriga tegilsa falokat yuz beradi, degan mish-mish butun Samarqand bo‘ylab tarqay boshlagandi. Tasvirchi Malik Qayumov bu borada maqbara yaqinidagi choyxonada 3 mo‘ysafid uni ogohlantirganini keyinchalik qayta-qayta hikoya qilgan.

Bu hikoya ne qadar haqiqat ekanligini olimlar shubha ostiga olishadi.

Amir Timur qabri uzra qo‘yilgan marmar toshni ko‘tarish jarayonida qo‘lbola uskuna sinib ketgan. Ammo olimlar uchun ishni to‘xtatish imkonsiz edi, chunki mamlakat eng oliy rahbariyati buyrug‘ini hech kim haddi sig‘ib, buza olmagan.

Toshni bir necha kishilashib, qo‘lda, asta-sekin surishgan.

Asosiy qabr tosh ostidagi yana 3 ta marmar tosh ko‘tarilganidan so‘ng nihoyat Amir Temurning yog‘och tobuti namoyon bo‘lgan.

Mixail Gerasimov go‘rga tushib, tobut yasalgan yog‘ochlarni bir-ma bir ko‘tara boshladi.

Tobutda Amir Temur jasadi, deya keyinchalik isbotlangan jasad yotardi…

Shundan so‘ng Temur suyuklarini qo‘lma-qo‘l qilib, go‘rdan chiqara boshlaganlar.

Shu asnoda o‘ng oyog‘ining tizza suyagidagi jarohat izlari yaqqol namoyon bo‘lib, jasad aynan podshoh va sarkarda Amir Temurniki ekanligi o‘z isbotini topgan.

Bu jarayonlarning hammasi hujjatlashtirilgan va bir ma’noda keng ommaga ma’lum faktlar.

Temuriylar qabrlarining ochilishi ortidan juda ko‘p rost-u yolg‘on, tasdig‘i topilmagan og‘zaki hikoyalar va afsonalar payda bo‘la boshladi.

Temur qabri ochilgani uchun urush boshlandimi?

Aynan Amir Temur qabri ochilgan kuni Germaniya Sho‘rolar Ittifoqiga urush boshlaganini e’lon qildi. Timur qabrining ochilishi bilan bog‘liq eng keng tarqalgan afsonalardan biri ham ana shu. Ya’ni buyuk sarkarda go‘ri ochildi va shuning uchun natsistlar Germaniyasi Sho‘rolar Ittifoqiga urush ochdi.

Qabrlar ochilishini suratga olgan tasvirchi Malik Qayumov unga maqbara yaqinidagi yerda 3 mo‘ysafid go‘yoki qabr toshida bu borada ogoh borligi va go‘yoki bu borada qadim kitoblarda qayd etilgani aytishganini keyinchalik hikoya qilib bergan.

Ammo bu ikki hodisa o‘rtasida bog‘liqlik qidirish asoslimi?

Go‘ri Amir maqbarasi tarixini o‘zining ilmiy izlanishlari mavzusi sifatida tanlagan Gollandiyaning Leyden Universitetidan tarixchi olim Yelena Paskalevaning aytishicha, bu ikki hodisa o‘rtasida bog‘liqlik qidirish asossiz va Amir Temur qabri ustidagi toshda uning mayiti bezovta qilinsa urush boshlanishi haqidagi ogoh haqida yozuv yo‘q.

"Timur qabrtoshidagi yozuvlar tarjima qilinib, bir necha bor nashr qilingan. Bu yozuvlar ulug‘ sarkardani olqishlash va Qur’on suralaridan iborat matndir. Bu juda aniqlik bilan tasdiqlangan matn. Timur qabr toshining suratlari, arab alifbosidagi matni, tarjimalari bilan birga chop etilgan. Bu borada shubha bo‘lishi mumkin emas. Timur qabr toshida qabr ochilsa, ulkan falokat bo‘lishi haqida hech narsa aytilmagan. Bu borada shubha bo‘lishi mumkin emas", deydi tarixchi Yelena Paskaleva.

Shunday ekan tasvirchi Malik Qayumov tilga olgan 3 mo‘ysafid haqidagi hikoya qayerdan kelib chiqqan?

3 mo‘ysafid ogohi

Yelena Paskalevaning aytishicha, Malik Qayumovning 3 mo‘ysafid bilan suhbatlari nima uchun hech qaerda yozma qayd qilinmagani juda hayratlanarli holat va shuning uchun bu suhbat aslida bo‘lib o‘tgani haqidagi savollarni keltirib chiqaradi.

"Fikrimcha, bu suhbat borasidagi da’vo mahalliy aholining qabr ochilishi yuzasidan boshdan kechirgan dardini ramziy izhor etish urinishidir. Aholi mutlaqo qabrning ochilishiga qarshi edi. Bu yerda asosiy gap qabrning ochilishi ulkan falokat olib kelishi haqidagi yirik bir afsona haqida emas, qabrni umuman ochish mumkin emasligi haqida. Ammo bu narsa amalga oshirildi. Bu haqda go‘yoki gapirgan 3 mo‘ysafid – bu butun Samarqand, shahar ahlining noroziligi ramzidir. Ayni holda bu suhbat aslida bo‘lib o‘tgani dalillari yo‘q. Biz buni faqat Malik Qayumov so‘zlaridan eshitganmiz", deydi Yelena Paskaleva.

Temur qabrtoshida uning mayiti qo‘nim topgan yer oyoq osti qilinsa falokat ro‘y berishi haqida bitilmaganligini maqbarani saqlash ishlariga uzoq yillar yetakchilik qilgan Amirullo Abdullaev ham ta’kidlaydi.

Chexiyadagi Palatskiy Universitetidan tarixchi olim Azim Malikov fikricha, bu afsonaning kelib chiqishi ortida turgan sabalardan biri Amir Temur siymosini urush bilan bog‘lash bo‘lgan.

"Germaniyaning Sho‘rolar Ittifoqiga urush ochish borasidagi «Barbarossa» rejasi 1940 yili dekabrda tuzib chiqilgandi. U vaqtda Amir Temur maqbarasini ochish haqida hali so‘z ham ochilmagandi. Amir Temur siymosini urush bilan bog‘lashga intilish bu afsonani keltirib chiqargan. Amir Temur insoniyat boshiga faqat zo‘ravonlik olib kelgan, degan g‘oyani qo‘llash maqsadida. Afsuski marhum kinooperator Malik Qayumov bu borada juda ko‘p gapirgan, bu borada filmlar ham olingan. Lekin bunga ishonib bo‘lmaydi, mutlaqo noto‘g‘ri bog‘liqlik", deydi tarixchi Azim Malikov.

"Asl maqsad Amir Temur qabrini ochish emasdi"

Go‘ri Amirdagi qabrlarning ochilishi bilan bog‘liq yana bir nuqtaga ochiqlik kiritishga harakat qilsak.

Bu tadqiqot ishlarini sinchkovlik bilan o‘rgangan Yelena Paskaleva asosiy maqsad aynan Amir Temur qabrini ochish bo‘lganligini savol ostiga oladi.

"Bu qadimshunoslik tadqiqotining asl maqsadi Ulug‘bek tarixiy merosi dalillarini topish edi. Asl maqsad Amir Timur qabrini ochish bo‘lmagan", deydi Yelena Paskaleva.

"Maqsad -Ulug‘bek podshoh sifatida Samarqanddagi diniy doiralarga qarshi chiqa olganligini namoyish qilish edi. Men shunga to‘liq ishonamanki, maqsad Amir Temur qabrini ochish emasdi. Chunki o‘sha vaqtda Samarqandda Ulug‘bek saroyini topish uchun yana bir qadimshunoslik rejasi amalga oshirilgandi. Bu ishlarning hammasi esa rasmiy ravishda Alisher Navoiyning 500 yilligini nishonlash ilmiy izlanishlari doirasida, deya taqdim qilingan. Amir Temur ulkan tarixiy shaxs va yirik hududlarni bosib olgan hukmdor bo‘lgan bo‘lsa ham, o‘sha vaqtda tarixiy haqiqatni izlash jarayonida Sho‘ro hukumati uchun u diqqat markazida bo‘lmagan", deya ilova qiladi tarixchi mutaxassis.

Go‘ri Amirdagi qabrlardan boylik izlashdimi?

Demak, Temur qabri ochilishi bilan bog‘liq bir masalaga bir qadar ochiqlik kiritilgandek - asosiy maqsad Timur qabrini ochish emas edi. Lekin maqbarani yuritish ishlariga uzoq yillar rahbarlik qilgan Amirullo Abdullaevning bu borada o‘z taxmini bor.

Unga ko‘ra, o‘sha vaqtda natsistlar Germaniyasining Sho‘rolar Ittifoqiga urush ochishi ayon bo‘lgan ekan, mamlakat katta mablag‘ga muhtoj bo‘lgan.

"Yosh Sovet Ittifoqi davlatida bu kabi mablag‘ yo‘q edi va urushga tayyor emasdi. Ularning asosiy maqsadi Amir Temurning boyliklari edi. Tarixiy manbalarga qarasak boy-zodagonlar qaerda dafn qilingan bo‘lsa, ular bilan birga tillo va qimmatbaho toshlardan zeru-zabarlarini ham birga qo‘yilgan. Ular mana shu kabi boyliklar qabrlarda bor bo‘lishi mumkin deb o‘ylashgan", deya aytadi Amirullo Abdullaev.

Yana boshqa tarixchilarga ko‘ra esa, bu kabi taxminlarni hozircha isbotlashning imkoni yo‘q.

Tarixchi Azim Malikovning aytishicha, u ko‘rgan ba’zi arxiv hujjatlarida boyliklarni izlash haqida so‘z ketmaydi.

"Tarixiy hujjatlarda keyinchalik Go‘ri Amir atrofida Amir Temurga haykal o‘rnatilishi rejasi ham tilga olingan. Lekin bu reja amalga oshmagan. Sababi noma’lum. Bundan tashqari, Stalin davrida rus zodagonlari qabrlar ham ochilgan. U yerda ham boyliklar izlanganmi yo‘qmi, noma’lum. Lekin urushga qadar juda ko‘p qabrlar ochilgan", deydi Azim Malikov.

Hozirda ziyoratchilarning Temuriylar sulolasining oxirgi manzili bo‘lgan va ilmiy tadqiqotlar mobaynida 1941 yili ochilgan qabrlar joylashgan yer ostidagi daxmaga kirishlariga ruxsat berilmaydi. Go‘ri Amirga, buyuk sarkarda qoshiga ziyoratga kelganlar daxma yuqorisidagi qabrtoshlar joylashgan xonaga kirishadi xolos.

Olimlar Go‘ri Amirdagi ilmiy izlanishlarning asl maqsadi Mirzo Ulug‘bekning madaniy va ilmiy merosi dalillarini topish edi, deya aytishsa ham maqbaralarning ochilishi ortidan asosiy e’tibor aynan Amir Temur qabrining ochilishiga qaratila boshlaydi.

Olib borilgan ilmiy izlanishlar ham asosan uning shaxsiyati atrofida bo‘ladi. Nima uchun shunday bo‘lgan? Qaysi nuqtada Sho‘ro rahbarlari o‘zbeklar ibrat olishga yaroqli deya, ko‘rgan Mirzo Ulug‘bek ta’bir joiz chetda qolib, e’tibor markaziga Amir Temur chiqib qoldi?

Bu savolga ham javobni tarixchi olim Yelena Paskaleva berishga harakat qiladi.

«Bu jarayon haqida tarixiy dalillar bor. O‘sha davrda olingan bir rasmda Go‘ri Amir hovlisida haykaltarosh Gerasimov bir qo‘lida Amir Temur va boshqa qo‘lida Ulug‘bek kalla chanog‘ini ushlab, o‘ylanib turibdi. O‘sha damda olim Qori-Niyozov va Gerasimov o‘rasidagi quyidagi mazmundagi suhbat qayd qilingan.

Gerasimov: "Bu bosh chanoqlariga qarab, qay biri shafqatsiz sarkarda va qay biri olim ekanligini aytish qiyin, shunday emasmi", degan savolni tashlaydi.

Shundan so‘ng Gerasimov Amir Temur siymosini yaratganda boshida toj kiygan va vahshatnok nazar bilan qarab turgan shaxsni, Ulug‘bekni esa yumshoq tabiat islomiy olim sifatida yaratadi.

O‘sha suhbat bo‘lib o‘tgan vaqtda qabrlari ochilgan Temuriylar sulolasining boshqa a’zolari umuman nazardan qolib ketgandek. Sahnada faqat Temur va Ulug‘bek qolishgandek. Ya’ni asosiy g‘oya Ulug‘bek eng yaxshi mamlakat boshqaruvchisi edi, degan narsani isbotlash edi.

Ilm-fan va madaniyatga bo‘lgan sodiqligi tufayli Sho‘rolar tarixchiligi uchun Ulug‘bek shaxsiyati Temurnikidan anchayin muhim edi.

Ammo omma nazdida bu izlanishlar markazida Amir Temur bo‘lgani muhrlangan. O‘sha vaqtdagi sho‘ro siyosati nuqtai nazaridan esa, Ulug‘bek shaxsiyati diniy doiralarga qarshi chiqa olgan shaxs sifatida muhimroq ahamiyatni kasb etardi. Qaysidir ma’noda ilm-fan yo‘lida o‘z jonini qurbon qilgan Ulug‘bek siymosi sho‘rolar g‘oyasi uchun maftunkorroq edi. Sho‘rolarning g‘oyaviy maqsadi yo‘lida Ulug‘bek ko‘proq kerak edi.

Lekin mintaqa tarixida albatta Amir Temur ko‘proq ahamiyatga ega. Shu tariqa uning qabrining ochilishi va u bilan bog‘liq ma’lumotlar vaqt o‘tib ko‘proq e’tibor markaziga tushgan.

Balki rahbar Stalin uchun Temur shaxsiyati ko‘proq jozibador bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Balki u o‘zini Amir Temurga qiyoslamoqchi bo‘lgandir. Shuning uchun uning mayitining topilishi unga alohida g‘urur bag‘ishlagandir. Lekin siyosiy ma’noda asosiy e’tibor Ulug‘bek edi. Go‘ri Amirda Qadimshunoslik amalini o‘tkazish qaroriga ham shu narsa turtki bergan. Asl intilish ulkan saltanatning emas, Ulug‘bekning madaniy va ilmiy sohada erishganlarining qo‘shimcha dalillarini topish bo‘lgan. Tasavvur qilishimiz mumkin, sho‘rolar aslida o‘zbeklar Temurning ulkan qudratidan ilhom olishlari, mustaqillik g‘oyalariga turtki berishidan xavotirda bo‘lganlar. Shu maqsadda uning shaxsiyati 70-yillarda kamsitilib ko‘rsatilgan», deydi Yelena Paskaleva.

Shu ma’noda sho‘ro rahbariyati Temuriylar qabrlarini ochish bilan ko‘zlagan maqsadlariga erisha olishmadi , deya xulosa qilsak bo‘larmikan?

Aslida ham Temur qabrining ochilishi ortidan haykaltarosh va antropolog Mixail Gerasimov tomonidan ulug‘ sarkardaning go‘rdan chiqarilgan bosh chanog‘i asosida siymosining yaratilishi asosiy hodisa va ilmiy muvaffaqiyat sifatida ko‘rila boshlaydi.

O‘sha vaqtgacha Amir Temurning tashqi qiyofasi qanday bo‘lgani faqatgina o‘rta asrda ishlangan bir necha miniatyuralardan olingan tasavvur asosida edi.

Shu asnoda yana bir boshqotirmaga duch kelamiz. Chunki biz suratlarda ko‘rganimiz, Moskvada Gerasimovning Temur bosh chanog‘i ustida ishlayotgan vaqti, qo‘lida Temurning asl bosh chanog‘i emas, nusxasi bo‘lganligini haqida ham aytiladi. Bunda jon bormi?

Amir Temur mayiti Moskvaga olib ketilganmidi?

Tarixchi Yelena Paskalevaga ko‘ra, Amir Temur mayiti Moskvaga olib ketilmagan va Toshkentda sinchkovlik bilan o‘rganilgan.

"Antropolog Gerasimov Temur bosh chanog‘i asosida uning siymosini yaratgani haqida juda ko‘p gapiriladi. Lekin bu ilmiy jamoa tarkibida yana bir olim bor edi. Lev Oshanin. U Toshkentda ishlardi.

Men O‘zbekistondagi arxivlardan topgan hujjatlarda Temur suyaklarini sinchkovlik bilan o‘rganib, mufassal ro‘yxatini tuzib chiqqan shaxs aynan Oshanindir.

Men O‘zbekistondagi Milliy Arxivda ko‘rgan hujjatlarda u tomonidan Amir Temurning har bir suyagi o‘rganilib, qayd qilinganligini ko‘rganman. Shuningdek, Ulug‘bek, Shohrux va Mironshoh suyaklari ham. O‘ta diqqat bilan o‘rganilib, o‘lchanib, qunt bilan tasvirlanib, mufassal ro‘yxat qilib chiqilgan. Aynan uning tadqiqotlari ularning hammalari bir sulola vakillari ekanligini isbotlaydi. Shuning uchun Gerasimov emas, aynan Oshanin Temuriylar jasadlarni o‘rganib chiqqan asosiy shaxs sifatida ko‘rilishi kerak, menimcha.

Amir Temur va Ulug‘bek bosh chanoqlari Moskvaga olib ketilgani haqida esa menda dalillar yo‘q. Lekin Oshanin ularni Toshkentda o‘rganib chiqqani dalillari bor. Bir ehtimol shuki, bosh chanoqlarining nusxasi yaratilib, so‘ngra ular Moskvaga olib borilgan bo‘lishi mumkin. Bularning hammasi ehtimolga yaqin."

Go‘ri Amirdagi mayitlar qayta to‘liq ko‘mildimi?

Tarixchi Yelena Paskalevaning taxmin qilishicha, Go‘ri Amirdagi qabrlardan chiqarilgan jasadlarning aynan qaysi qismlar qayta dafn qilinganini aniqlash balki-da hech qachon imkonli bo‘lmaydi.

"Men hozir ilmiy jihatdan o‘ta bahsli bir g‘oyani aytmoqchiman. Balki jasadlarning hamma qismlari, yoki suyaklarning bari qabrga qayta qo‘yilmagandir…balki, qaysidir qismlar, balki bosh chanoqlari yo‘qolgan bo‘lishi mumkin…Ammo men ehtimollarga berilmoqchi emasman. Bosh chanoqlari doxil suyaklarning hammasi Toshkentda bo‘lib, o‘rganib chiqilgani - bu haqiqat.

Milliy arxivda 40- yillar oxirlarida Go‘ri Amir gumbazini qayta ta’mirlagan me’morning qalamda chizilgan rasmlarini ko‘rganimda o‘sha rasmlarda ham bosh chanoqlari rasmlari chizilganini ko‘rganman. Bu vaqtga kelib Temuriylar sulolasi jasadlari allaqachon qayta dafn qilingan edi. Bu balki bosh chanoqlarining nusxalari haqiqatan ham mavjud bo‘lganligini ko‘rsatar…Bu ilmiy izlanish jarayonida qilinishi mumkin bo‘lgan oqil amal bo‘lgan bo‘lardi, deb o‘ylayman", deya aytadi Yelena Paskaleva.

Yana boshqa tarixchilarga ko‘ra, Amir Temurning bosh chanog‘i doxil mayiti Rossiyaga olib ketilganmi - yo‘qligi borasidagi savollarga hozircha afsuski, aniq javob topilmagan va topish ham turli sabalar tufayli bir ma’noda imkonsiz.

Tarixchi Azim Malikovga ko‘ra, faqatgina Moskvadagi arxivlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqilgan taqdirda, bu savolga javob topish mumkin.

"Bu borada turli ilmiy izlanishlar, harakatlar bo‘lgan. Amir Temurning bosh chanog‘i Moskvaga olib ketilib, qaytarilganmi, yo‘qligi borasida turli taxminlar bo‘lgan. Qabrni qayta ochib, tekshirish ham yaxshi yo‘l emas. Bu borada hozircha aniq javob topilgani yo‘q. Moskva arxivlarida ishlash esa hozirgi vaziyat sababli imkonsiz. Kelajakda nasib qilsa, o‘rganib, javob topish imkoni bo‘lar", deya fikr bildirdi tarixchi.

Amir Temur mayitini front chizig‘i bo‘ylab uchirishganmi?

Amir Temur jasadining Rossiyaga olib ketilgani yoki yo‘qligi boradagi bahs va afsonalarning ta’bir joiz savatiga Go‘ri Amir sobiq rahbari Amirullo Abdullaev yana bir keng tarqalgan go‘yoki tarixiy hodisa haqidagi fikrlarni tashlaydi.

Unga ko‘ra, o‘sha davrdagi Sho‘rolar Ittifoqi rahbari Iosif Stalin buyrug‘i bilan Germaniyaga qarshi harbiy amaliyotlarda qo‘llov bo‘lishi uchun Amir Temur bosh chanog‘ini

front chizig‘i bo‘ylab uchirishgan va shundan so‘ng Samarqandga qaytarib, qayta dafn qilishga farmon berilgan.

Lekin tarixchi olimlar fikricha, bu taxminlar asossiz.

Yelena Paskalevaning aytishicha, Temur suyaklari Toshkentda edi, biron alohida qismlari Toshkentdan olib ketilgani borasida hozircha hech qanday dalil yo‘q.

"Odamlar o‘zlari ishonishni istagan narsaga ko‘proq ishonishadi. Bu kabi mish-mishlardan uzoqroq bo‘lish kerak, deb o‘ylayman. Men o‘tkazgan tadqiqotlar Temur qoldiqlari Toshkentda qolganligini ko‘rsatadi", deydi Paskaleva xonim.

Amir Temur mayiti front chizig‘i uzra uchirilganligi haqidagi afsona haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini tarixchi Azim Malikov ham ta’kidlaydi.

"Bunga mutlaqo ishonib bo‘lmaydi. Iosif Stalin kommunist edi. Amir Temur esa biron ruhoniy yoki avliyo ham emasdi. Bu uydirma», deya xulosa qildi Azim Malikov.

Qabrlarni ochish kerakmidi?

Tarixchi olimlar Sho‘rolar rasmiy hujjatlarida taqdim qilinganidek, Amir Temur sulolasi qabrlarining ochilishi Alisher Navoiyning 500-yilligini nishonlash marosimlariga ne qadar bog‘liqligi haqida hanuz bosh qotirishadi. Biz esa savolni o‘zgacharoq tashlasak. Ilmiy jihatdan ne qadar asoslangan bo‘lmasin ulug‘ zotlar qabrini ochish kerakmidi?

Gollandiya Universitetidan tarixchi Yelena Paskalevaning aytishicha, Islom va shariat arkonlariga ko‘ra, qabrning ochilishi bu qabul qilib bo‘lmas amal.

"Bu amal bilan qabrning muqaddasligi yo‘qqa chiqarilgan. Shuning uchun Islom arkonlariga qarshi dahshatli xuruj bo‘lgan, deb ayta olamiz. Lekin qabrlar ochilishiga tarix ilmi ehtiyoji nuqtai nazaridan qarasak, fikrimcha, bu amal Temurning dafn qilingan joyini isbotlagan. Shu jihatdan bu katta hodisa bo‘lgan va shunday xotirada qoladi", deb aytdi Yelena Paskaleva.

Go‘ri Amirdagi qabrlarning ochilishi borasida olimlar bu hodisa haqida o‘rganilmagan hali juda ko‘p jihatlar borligini qayta-qayta ta’kidlashadi.

Balki sho‘ro rahbariyati hujjatlarida aytilganidek, Ulug‘bek kabi insonparvar, olim, faylasuf va shoir siymosida o‘zbek millatining o‘zligini sho‘rolar g‘oyasiga mos ravishda shakllantirish yo‘lida ashyoviy dalillarni topish haqiqatdan maqsad bo‘lgandir.

Lekin o‘sha davr g‘oyaviy maqsadlari nuqtai nazaridan ne oqlangan bo‘lmasin Islomda makruh ko‘rilgan amalga qo‘l urish bu maqsadni mutlaqo yo‘qqa chiqarishi ham mumkin edi.

Temuriylar qabrlarining ochilishi ortidan yuz bergan jarayon va kelib chiqqan afsonalar shuni ko‘rsatadiki, tarixda hamma narsa ham belgilangan reja va maqsad yo‘lida ketmasligi ehtimoli katta.