You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Tramp: "AQSh ikki yoki uch hafta ichida Erondan chiqadi"
AQSh Prezidenti Donald Tramp Oq uyda bergan bayonotida Erondagi harbiy kampaniya tez orada o‘z nihoyasiga yetishini ma’lum qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar yaqin ikki yoki uch hafta ichida mintaqani tark etishi mumkin.
Tramp jurnalistlar bilan suhbatda AQSh va Isroil o‘tgan oy oxirida boshlagan havo zarbalari o‘z samarasini berganini ta’kidladi.
Uning aytishicha, kampaniyaning bosh vazifasi - Eronning yadroviy qurolga ega bo‘lish imkoniyatlarini yo‘q qilish edi va bu maqsadga to‘liq erishildi.
"Biz juda tez orada chiqib ketamiz. Hozirda biz faqat ishni oxiriga yetkazyapmiz xolos", - dedi prezident.
Uning qo‘shimcha qilishicha, AQSh harbiylari ayni damda Eron osmonida to‘liq hukmronlik qilmoqda.
Rejim o‘zgarishi va yangi rahbariyat
Prezident Eronning ko‘plab yuqori martabali siyosiy va harbiy rahbarlari yo‘q qilinganidan so‘ng, mamlakatda amalda rejim o‘zgarishi yuz berganini da’vo qildi.
Tramp Tehrondagi yangi rahbarlarni avvalgilariga qaraganda "ancha mulohazali" va "kamroq radikallashgan" deb ta’rifladi.
Shuningdek, Tramp Eron tomoni urushni to‘xtatish uchun AQSh bilan kelishuv tuzishni "o‘tinib so‘rayotganini" aytdi.
Biroq u urush tugashi uchun rasmiy kelishuv shart emasligini alohida qayd etdi:"Eron kelishuv tuzishi shart emas, yo‘q. Ularning men bilan kelishuv tuzishi AQShning u yerdan chiqib ketishiga ta’sir qilmaydi. Eng muhimi - ularda yadroviy qurol bo‘lmaydi."
Ittifoqchilar va iqtisodiy oqibatlar
Bayonoti davomida Tramp Yevropa ittifoqchilarini, xususan Buyuk Britaniyani Hormuz bo‘g‘ozidagi cheklovlar tufayli yuzaga kelgan yoqilg‘i muammolarida tanqid qildi. U "Truth Social" tarmog‘ida davlatlarga "neft kerak bo‘lsa, bizga arz qilmay, jasoratingizni yig‘ib, Hormuzdan borib olib keling!" deb xitob qildi.
Prezident dunyo bo‘ylab oshayotgan yoqilg‘i narxlari AQSh harbiy harakatlarini to‘xtatishi bilan pasayishini va’da qildi.
Eronning AQSh texnologiya kompaniyalariga nisbatan qilgan tahdidlari haqidagi savolga Tramp bepisandlik bilan javob qaytardi. U Eronning harbiy salohiyatini mazax qilib: "Nima, ular bizga qarshi pnevmatik miltiqlardan (bb guns) foydalanishadimi?" - deya munosabat bildirdi.
Oq uy Tramp chorshanba kuni kechqurun xalqqa maxsus murojaat bilan chiqishini e’lon qildi. Biz ushbu jarayonni yoritib borishni davom ettiramiz.