You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Isroilda terrorizm uchun sudlangan falastinliklarni o‘lim jazosiga tortish bo‘yicha bahsli qonun qabul qilindi
Isroil parlamenti (Knesset) dushanba kuni terrorchilik hujumlari uchun sudlangan falastinliklarga standart jazo sifatida o‘lim jazosini belgilovchi qonunni qabul qildi. Tanqidchilar yangi qonunni kamsituvchi (diskriminatsion) deb atashsa, bir qator Yevropa davlatlari bu "demokratik printsiplar"ga putur yetkazish xavfini tug‘dirishidan ogohlantirmoqda.
Qonun uchinchi va yakuniy o‘qishda qabul qilindi: uni 62 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 48 nafari qarshi ovoz berdi. Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Qonunga ko‘ra, Isroil tomonidan okkupatsiya qilingan G‘arbiy sohildagi "terrorchilik harakatlari" deb tan olingan hujumlar uchun Isroilning harbiy sudlari tomonidan sudlangan falastinliklar 90 kun ichida, 180 kungacha uzaytirish imkoniyati bilan osib o‘ldirilishi kerak, ammo afv etilish huquqisiz.
Nazariy jihatdan qaraganda, qonun isroilliklarga ham qo‘llanilishi mumkin, ammo amalda bu shubha uyg‘otadi, chunki o‘lim jazosi hujumning maqsadi "Isroil davlati mavjudligini inkor etish" bo‘lgan holatlardagina ko‘zda tutilgan. Isroilda sudlangan mahbuslar uchun o‘lim jazosi umrbod ozodlikdan mahrum qilish bilan almashtirilishi mumkin.
Tanqidchilarning fikriga ko‘ra, bu o‘lim jazosi amalda faqat falastinliklarga qo‘llanilib, xuddi shunday jinoyat sodir etgan yahudiy isroilliklarga nisbatan qo‘llanilmasligini anglatadi.
Qonun 2023 yilning 7 oktyabrdagi HAMAS hujumidan keyin — Isroil tarixidagi eng qonli kundan so‘ng — o‘ta o‘ngchi kuchlar tomonidan faol ilgari surilgan. Bunda Milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir va uning "Otsma Yexudit" partiyasi asosiy rolni o‘ynadi. Ovoz berishdan keyin u X ijtimoiy tarmog‘ida: "Biz tarix yaratdik!!! Biz va’da bergandik. Biz buni qildik", — deb yozdi.
Uning partiyasi a’zosi Limor Son-Xar-Melex, falastinlik jangarilarning hujumidan omon qolgan, ammo eri halok bo‘lgan, qonunning zarurligini bildirdi. U misol tariqasida erini o‘ldirganlardan biri keyinchalik ozod etilgani va 2023 yil 7 oktyabrdagi Isroilga qilingan hujumlarda qatnashganini aytdi. Knessetdagi debat chog‘ida u: "Ko‘p yillar davomida biz terrorning, hibsning, ahmoqona kelishuvlar bilan ozod qilishning hamda bu maxluqlarning qaytadan yahudiylarni o‘ldirishga qaytib kelishini shafqatsiz zanjirini boshimizdan kechirdik", — dedi.
Qonunni tanqid qilganlar
Muxolifatdagi "Demokratlar" partiyasi yetakchisi Yair Golan qonunni tanqid qilib, u xalqaro sanksiyalarga olib kelishi mumkinligini aytdi. "Terrorchilar uchun o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qonun — bu faqat Ben-Gvir uchun "layk" to‘plashga qaratilgan keraksiz tashabbus" — deb ta’kidladi u. "U Isroil xavfsizligiga bir gramm ham hissa qo‘shmaydi".
Ovoz berish oldidan Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya va Italiya "chuqur xavotir" bildirib, qonun Isroilning "demokratik printsiplarga sodiqligiga putur yetkazishi mumkin"ligini ma’lum qilishdi.
G‘arbiy sohilni boshqargan Falastin ma’muriyati bu qonunni qoralab, u "qonunchilik niqobi ostida, sudsiz o‘lim jazosiga tortishni legallashtirishga qaratilgan"ini bildirdi.
G‘azo sektorini nazorat qiladigan HAMAS radikal guruhi ushbu qonunning ma’qullanishi Isroil qamoqxonalaridagi falastinlik mahbuslarning "hayotiga xavf tug‘dirishi"ni aytib, xalqaro hamjamiyatni "ularning himoyasini ta’minlashga" chaqirdi.
Isroildagi Fuqarolik huquqlarini himoya qilish assotsiatsiyasi mamlakat Oliy sudiga qonunni bekor qilish talabi bilan petitsiya berdi. "Bu qonun konstitutsiyaga zid, kamsituvchi xarakterga ega va G‘arbiy sohildagi falastinliklarga nisbatan huquqiy asossiz qabul qilingan", — deyiladi tashkilot bayonotida. Endi Oliy sud ushbu murojaatni ko‘rib chiqish yoki chiqmaslikni hal qilishi kerak.
BMTning ekspertlar guruhi qonunda "terrorchi" ta’rifi juda mavhum berilganini, bu esa o‘z mohiyatiga ko‘ra terrorchilik bo‘lmagan harakatlar uchun ham o‘lim jazosini qo‘llashga olib kelishi mumkinligini ko‘rsatdi. Isroilning B'Tselem huquqni himoya qilish tashkiloti G‘arbiy sohildagi falastinliklar sudlanadigan harbiy sudlarda ayblov hukmlari 96%ni tashkil etishini va qiynoqlar orqali aybni bo‘yinga oldirish amaliyoti mavjudligini ta’kidlaydi. Xalqaro Amnesty International tashkiloti "o‘lim jazosi jinoyatchilik darajasini umrbod ozodlikdan mahrum qilishga qaraganda samaraliroq tushirishiga hech qanday dalil yo‘q"ligini qayd etadi.
Amnesty International ma’lumotlariga ko‘ra, o‘lim jazosi dunyoning 54 ta davlatida, shu jumladan AQSh va Yaponiyada saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, global tendentsiya uni bekor qilishga qaratilgan: 113 ta davlat bu jazodan voz kechgan. O‘z tarixi davomida Isroil o‘lim jazosini atigi ikki marta amalga oshirgan. Qatl etilganlardan biri 1962 yilda natsist harbiy jinoyatchisi va Xolokost tashkilotchilaridan biri Adolf Eyxman bo‘lgan.