You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Og‘zingiz hidlanadimi va undan qanday qutilish mumkin?
Og‘zingizdan yoqimsiz hid kelishidan xavotirdasizmi? Bu keng tarqalgan holat va uni hal etish mumkin.
Odamlar bilan yaqin masofali muloqotdan qochyapsiz, chunki nafasingiz hidi doim ham yoqimli emas, odamlar sezishi mumkinligidan xavotirdasiz. Xavotir olmang, bu ko‘p uchraydigan muammo va uning yechimlari bor.
Tishlarni toza saqlash – tishlar va milklar orasidagi bo‘shliqlarda hamda tilning chuqur joylarida joylashib oladigan bakteriyalarga qarshi doimiy kurashdir.
Agar bu bakteriyalar yo‘q qilinmasa, ular ko‘payib, jiddiy milk kasalliklariga olib kelishi mumkin. Lekin bu holat oldini olish mumkin.
Yoqimsiz hidga nima sabab bo‘ladi?
Butun dunyo bo‘ylab og‘izdan yoqimsiz hidning asosiy sabablaridan biri – periodontit, ya’ni milklarning chekinishi.
"Kattalarning yarmi qandaydir shakldagi milk kasalligidan aziyat chekadi," deydi Buyuk Britaniyaning Birmingem universiteti tiklovchi stomatologiya bo‘yicha dotsenti, doktor Pravin Sharma Bi-bi-sining What's Up Docs? dasturiga.
"Yoqimsiz hid, aniqrog‘i, og‘iz bo‘shlig‘idan kelayotgan nafas sifatida tushuniladi," deya qo‘shimcha qiladi u.
"Bu holatlar og‘izdan yoqimsiz hidning taxminan 90 foizini tashkil qiladi."
Qolgan 10 foiz holatlar boshqa sabablar bilan bog‘liq:
"Nazoratsiz qolgan qandli diabet – o‘ziga xos nafas hidini keltiradi," deydi doktor Sharma.
"Agar bemorda oshqozon-ichak muammolari, xususan, gastral refleks bo‘lsa, ularda turli xil nordon nafas hidi kuzatiladi. Ya’ni, ichki (sistemali) kasalliklar og‘izda namoyon bo‘lishi mumkin."
Xo‘sh, bu holatda nima qilish kerak?
- Muammo ildiziga yetib boring
Agar tish va milk orasida joylashgan bakteriyalarni tozalamasangiz, bu mikro-jarahatlarga va keyin milk qonashlariga olib keladi. Bu – gingivit, ya’ni milk kasalligining boshlang‘ich bosqichidir. Yaxshi tomoni, bu bosqichni to‘liq bartaraf etish mumkin.
"Gingivit – milklarning yallig‘lanishi bo‘lib, siz buni tish yuvganda milklar qizarishi, shishishi va qonashidan sezasiz," deydi doktor Sharma.
"Agar bu davolanmasa, periodontitga aylanishi mumkin."
Tish yuvayotganda milklaringizda qizarish, shish yoki qonash bor-yo‘qligini tekshirib ko‘ring. Lekin ortiqcha xavotirga tushmang, chora ko‘rish uchun hali kech emas.
"Ko‘pincha bemorlar yuvish paytida og‘riyotgan milkka tegmaslikka harakat qilishadi, chunki ular o‘ylashadiki: Men o‘zimga zarar beryapman, shuning uchun qonayapti," deydi doktor Sharma.
"Ammo bu teskarisi – qonayotgan milk sizga belgidir: demak, avval yaxshi yuvmagansiz, endi yaxshiroq tozalash kerak!"
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz
- Ongli ravishda tish yuving
Doktor Sharmaning ta’kidlashicha, tishlarni samarali tozalash uchun maxsus vaqt ajratish juda muhim.
«Tish yuvishni boshqa ishlar bilan birga bajarish to‘g‘ri emas», deydi u.
Eng maqbuli oyna qarshisida turib, butun e’tiboringizni aynan tish yuvish jarayoniga qarating.
Ko‘p hollarda o‘ng qo‘llilar chap tomonni, chap qo‘llilar esa o‘ng tomonni ko‘proq yuvishadi, natijada e’tibor kam berilgan tomonda yallig‘lanish xavfi ortishi mumkin.
Shuning uchun qaysi qo‘lda cho‘tka ushlayotganingizni anglab, har ikki tomonni ham barobar va puxta yuvishga urining.
- Tish yuvish usulini o‘zlashtiring
Doktor Sharma tish yuvishni interdental tozalash, ya’ni tishlar orasini maxsus cho‘tkalar bilan tozalashdan boshlashni tavsiya qiladi.
«Milklar salomatligi va qoldiqlarni ketkazish uchun interdental cho‘tkalar ancha samarali», deydi u.
Shundan keyin odatiy cho‘tka bilan og‘iz ichida muayyan tartibda, shoshmasdan tozalang.
Har bir tishda uchta yuza bor – tashqi, chaynaydigan va ichki. Har biri alohida va ehtiyotkorlik bilan tozalanishi kerak.
Ko‘pchilik tish cho‘tkasini 90 darajali burchakda ushlab, oldin-orqaga bosib yuvishga o‘rgangan. Ammo bu usul milk chekinishini keltirib chiqarishi mumkin.
To‘g‘risi cho‘tkani tishga taxminan 45 darajali burchakda ushlab, yengil bosimda harakatlantirish. Pastki tishlarda yuqoridan pastga, yuqori tishlarda esa pastdan yuqoriga qarab yuritish kerak – bu milk ostidagi bakteriyalarni ham ketkazishga yordam beradi.
Tish yuvish kamida ikki daqiqa davom etishi lozim – ko‘pchilik uchun bu yangilik bo‘lishi mumkin.
- To‘g‘ri vaqtni tanlang
Aksariyatimizga ovqatdan keyin tish yuvish kerakligi o‘rgatilgan. Ammo bu faqat to‘g‘ri usulda va to‘g‘ri vaqtda amalga oshirilsa, foyda beradi.
«Ideali – nonushtadan oldin tish yuvish», deydi doktor Sharma.
«Agar kislotali ovqatdan so‘ng tish yuvilsa, bu tishning emali va dentinini yumshatadi.»
Kislota ta’sirida tish yuzasidagi himoya qatlami yumshaydi, shuning uchun ovqatdan so‘ng darhol cho‘tka ishlatish emalning zararlanishiga olib kelishi mumkin.
«Agar siz nonushtadan keyin tish yuvishni afzal ko‘rsangiz, ovqatdan keyin biroz vaqt o‘tsin», deydi u.
Og‘izni chayqab, bir necha daqiqa kutish tavsiya etiladi.
Ideal holda tishlar kuniga ikki marta, har safar ikki daqiqadan yuvilishi kerak. Ammo to‘g‘ri usulda kuniga bir marta yuvish ham ba’zi odamlar uchun yetarli bo‘lishi mumkin.
Uyqu paytida tupuk oqimi kamayadi, bakteriyalar esa bu vaziyatdan foydalanib, tishlarga ko‘proq ziyon yetkazadi. Shuning uchun, agar bir marta yuvishni tanlasangiz, bu kechqurun – uxlashdan oldin bo‘lishi lozim.
- Mos vositalarni tanlang
O‘rta darajada qattiqlikdagi cho‘tka tanlang.
Tish pastasining qimmat yo arzonligi emas, balki undagi ftor miqdori muhim.
«Qizig‘i shundaki, agar pastada ftor bo‘lsa, men roziman», deydi doktor Sharma.
Ftor emalni mustahkamlab, chirishga qarshiligini oshiradi.
Tish yuvgandan so‘ng pastani tuflang, lekin og‘izni chayqamang – shunda ftor og‘izda saqlanib, himoya ta’sirini davom ettiradi.
Agar milklaringizda yallig‘lanish belgilari ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa, og‘iz chayqash vositalaridan foydalanish mumkin. Ular nalyot va bakteriyalar ko‘payishini kamaytiradi.
Biroq ularni tish yuvgandan so‘ng ishlatmang, chunki bu pastadagi ftorni ham yuvib ketishi mumkin.
- Jiddiy milk kasalligini o‘z vaqtida aniqlang
Agar milk chekinishi (parodontit) davom etsa, tishlar orasida bo‘shliqlar paydo bo‘la boshlaydi. Shu bilan birga, tishni ushlab turuvchi suyak yemirilishi oqibatida tishlar beqarorlashadi, qimirlab qoladi.
Agar bu holat o‘z vaqtida davolanmasa, suyak shikasti juda jiddiy darajaga yetib, tishlar tushib ketishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, doimiy yomon hid ham yuzaga chiqadi.
Agar sizda bunday alomatlar kuzatilsa, zudlik bilan stomatologga murojaat qilish lozim.
- Vahimaga hojat yo‘q – nafasni toza saqlash uchun maslahatlar:
Ko‘p suv ichiңg – og‘iz quruq bo‘lsa, bakteriyalar ko‘payishi osonlashadi.
Tilni tozalashni unutmang – til tozalagich vositasi yordamida ovqat qoldiqlari, bakteriyalar va o‘lik hujayralarni tozalang. Bularning barchasi yomon hid manbai bo‘lishi mumkin.
Nafasingiz qanchalik toza ekanini o‘zingiz baholay olmasangiz, yaqin do‘st yoki oila a’zolaridan so‘rashingiz mumkin. Faqat buning uchun kimga murojaat qilishni oqilona tanlang!