You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Yaqin Sharqda navbatdagi mojaro: Eron, AQSh va Isroil ishtirokidagi urush qanday boshlandi?
Donald Trampning aytishicha, AQShning Erondagi harbiy amaliyotidan so‘ng vaziyatni yumshatish (deeskalatsiya) uchun bir nechta "chiqish yo‘llari" mavjud.
"Men jarayonni cho‘zib, hamma narsani nazorat ostiga olishim yoki ikki-uch kunda tugatib, eronliklarga: 'Agar [yadroviy dasturingizni] qayta tiklashni boshlasangiz, bir necha yildan keyin yana ko‘rishamiz', deyishim mumkin", — dedi u Axios nashriga bergan intervyusida.
Bu AQSh prezidentining shanba kuni ertalab zarbalar berilganini e’lon qilganidan beri amaliyot yuzasidan bergan ilk izohidir.
Uning ta’kidlashicha, shu hafta yadroviy muzokaralarda siljish bo‘lmagani sababli, nihoyat zarbalar berishga ruxsat berish (yashil chiroq yoqish) haqida qaror qabul qilgan.
"Eronliklar yaqinlashishdi va keyin yana ortga chekinishdi — yaqinlashishdi va yana chekinishdi. Bundan tushundimki, ular aslida kelishuvni xohlashmayapti".
Tasdiqlanmagan xabarlarga ko‘ra, Eron Oliy ruhoniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘lgan
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu avvalroq Eron Oliy rahbari "yo‘q bo‘lganiga" doir da’vo qilar ekan, endilikda Oyatulloh Amerika va Isroil hujumlari natijasida o‘ldirilgani doir tasdiqlanmagan xabarlar tarqalmoqda.
Reuters Isroilning yuqori lavozimdagi mulozimlaridan biriga tayanib, Oyatullohning jasadi topilgani haqida xabar qilgan.
Axios xabarida aytilishicha, bir manba Amerikadagi Isroil elchisi Amerika mulozimlariga Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘z qarorgohiga hujum natijasida halok bo‘lganini aytgani haqida ma’lum qilgan.
Isroilning bir necha nashrlari ham Eron Oliy rahbari o‘limi haqida xabar bermoqda.
Eron mulozimlari esa bu xabarlarni rad etishgan.
Eron matbuotiga ko‘ra, o‘nlab qurbonlar bor
Isroilga ko‘ra, hujumlar davomida "bir necha yuqori lavozimli mulozimlar yo‘q qilingan".
Eron matbuoti Isroil va Amerikaning Eron bo‘ylab hujumlari natijasida o‘nlab odamlar halok bo‘lganini yozmoqda.
Mulozimlarga ko‘ra, Minabdagi qizlar maktabi havo hujumi oqibatida kamida 85 kishi qurbon bo‘lgan. Bu haqda yarim rasmiy Mehr Yangiliklar agentligi Minab prokurori so‘zlariga tayanib xabar bermoqda.
Eron Qizil Yarim oy jamiyati esa qurbonlar soni 200 nafardan oshganini ma’lum qilgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xavfsizlik kengashi bugun favqulodda yig‘ilish o‘tkazadi.
Ayni yig‘in Bahrayn, Rossiya, Frantsiya, Xitoy va Kolumbiya tashabbusi bilan rejalanmoqda.
Avvalroq, BMT Bosh kotibi "Yaqin Sharqdagi harbiy amaliyotlarni" qoralab chiqqandi.
Bayonotda u so‘nggi amaliyotlar xalqaro xavfsizlik va tinchlikka tahdid solayotganini aytib, "hujumlarni zudlik bilan to‘xtatish" kerakligini urg‘ulagan.
Ayni paytda, BBC voqea guvohidan BAAning Dubay shahridagi "Fairmont The Palm" mehmonxonasi yaqinida ko‘tarilgan tutun ustuni aks etgan fotosuratni olgan.
Eron davlat ommaviy axborot vositalari Dubayga hujum boshlangani haqida xabar bermoqda. Eron aynan nimani nishonga olayotgani hozircha noma’lum, biroq mamlakatda AQSh harbiy kuchlari mavjud.
BAA Mudofaa vazirligi Eron raketalari va dronlarining yangi to‘lqini urib tushirilganini ma’lum qildi. Bu haqda Reuters agentligi "Emirates News Agency" xabariga tayanib ma’lum qilmoqda.
"Yo‘qotishlar bor - Xomanaiy tirik"
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi Eronda internet aksariyat aholi uchun uzilib qolgan bir paytda, hozirgina NBC News telekanalida jonli efirda chiqish qildi.
Araqchining aytishicha, Eron "bir yoki ikki qo‘mondonni yo‘qotgan bo‘lishi mumkin". Shuningdek, u Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy, uning bilishicha, "tirik" ekanini ta’kidladi.
Eron ommaviy axborot vositalari hozirgacha bir qator Eron rasmiylari va qo‘mondonlari, jumladan, prezident va Armiya bosh qo‘mondoni o‘ldirilgani haqidagi xabarlarni inkor etib kelmoqda.
Araqchining qayd etishicha, Eron vaziyatni yumshatish tarafdori va agar AQSh hamda Isroil hujumlarni to‘xtatsa, muzokaralar uchun ochiq.
Hozirda hech qanday aloqa yo‘qligini aytar ekan, Araqchi qo‘shimcha qildi: "Agar amerikaliklar biz bilan gaplashishni istasa, men bilan qanday bog‘lanishni bilishadi".
Eron va AQSh yadroviy kelishuv bo‘yicha qayta boshlangan muzokaralarni olib bormoqda, muzokaralarning so‘nggi bosqichi ikki kun avval bo‘lib o‘tgan edi. Araqchi, shuningdek, Eron mintaqadagi Amerika bazalariga hujum qilayotganini tasdiqladi, biroq buni "o‘zini himoya qilish" harakati deb ta’rifladi.
Eron Fors ko‘rfazi davlatlariga bayonot yo‘lladi
Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi mamlakat o‘zini himoya qilish huquqi doirasida barcha harbiy vositalardan foydalanishini aytdi.
Bayonotda aytilishicha, Araqchi Saudiya Arabistoni, BAA, Qatar, Quvayt, Bahrayn va Iroq kabi davlatlar tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilgan hamda Eronga qarshi tajovuzlardan himoyalanish uchun "o‘zining barcha mudofaa va harbiy imkoniyatlaridan qonunan o‘zini himoya qilish huquqi asosida foydalanishini" bildirgan.
Araqchi, shuningdek, ushbu davlatlarga AQSh va Isroil tomonidan hujum uyushtirish uchun ularning hududi va infratuzilmasidan "noto‘g‘ri foydalanilishining oldini olish bo‘yicha mas’uliyatlarini" eslatgan.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi "qaqshatqich javob" qaytarishni va’da qildi
Eron Tashqi ishlar vazirligi o‘z bayonotida ta’kidlashicha, Eron AQSh va Isroilning hujum qilish "niyatlari"dan xabardor bo‘lsa-da, baribir muzokaralarga kirishgan.
Vazirlik zarbalar "Eron va AQSh o‘rtasida diplomatik jarayon qizg‘in davom etayotgan bir paytda" sodir bo‘lganini tan oldi.
Eron va AQSh o‘rtasidagi bilvosita yadroviy muzokaralarning uchinchi raundi ikki kun oldin, 26 fevralda Jenevada bo‘lib o‘tdi, biroq hech qanday ijobiy natijaga erishilmadi.
Shuningdek, o‘tgan yilning may oyida Eron va AQSh besh raund davomida muzokaralar o‘tkazgan edi - ular ham natijasiz tugagan. 2025 - yil iyun oyiga rejalashtirilgan oltinchi raund esa Isroilning Eron ob’ektlariga to‘satdan bergan zarbalaridan keyin bekor qilingan. O‘shanda bu voqealar 12 kunlik nizoga sabab bo‘lgan va AQSh Eronning uchta asosiy yadroviy ob’ektiga zarba bergan edi.
Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi AQSh va Isroilning Eronga bergan qo‘shma havo zarbalaridan so‘ng "qaqshatqich javob" qaytarishni va’da qildi va bu hujumlar Vashington bilan muzokaralar ketayotgan bir paytda "yana bir bor" sodir bo‘lganini ta’kidladi.
Bayonotda qo‘shimcha qilinishicha, "dushman" bunday "qo‘rqoqlarcha harakatlar orqali Eron xalqini o‘zlarining arzimas talablariga bo‘yin egdiraman deb xato o‘ylagan".
MXOK Eron qurolli kuchlari allaqachon javob choralarini boshlaganini ma’lum qildi va "aziz xalqni doimiy ravishda xabardor qilib borishga" va’da berdi. Kengash AQSh va Isroilning operatsiyalari Tehron va boshqa shaharlarda davom etishi mumkinligidan ogohlantirib, fuqarolarni "xotirjamlikni saqlagan holda", imkon qadar xavfsiz joylarga o‘tishga chaqirdi.
Shuningdek, kengash hukumat "barcha ijtimoiy ehtiyojlarni oldindan tayyorlab qo‘ygani" va "zaruriy tovarlar ta’minoti bo‘yicha hech qanday xavotirga o‘rin yo‘qligini" bildirib, aholiga gavjum savdo markazlaridan yiroq bo‘lishni maslahat berdi.
MXOK xabariga ko‘ra, maktab va universitetlar keyingi bildirishnomagacha yopiq qoladi, banklar xizmat ko‘rsatishda davom etadi, davlat idoralari esa 50 foizlik quvvat bilan ishlaydi. Qo‘shimcha ma’lumotlar vaqti-vaqti bilan e’lon qilib borilishi aytildi.
Dohada portlashlar eshitildi: Qatar bir nechta hujumni qaytarganini ma’lum qildi
Dohada portlashlar eshitildi: Qatar bir nechta hujumni qaytarganini ma’lum qildi.
Qatar poytaxti Dohada portlash tovushlari va havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi.
Davlat OAVlari xabariga ko‘ra, Qatar Mudofaa vazirligi mamlakat hududiga qaratilgan bir qator hujumlarni "muvaffaqiyatli qaytarganini" bildirgan.
Qatarlik rasmiylardan biri AFP axborot agentligiga bergan ma’lumotida, AQShda ishlab chiqarilgan Patriot raketaga qarshi mudofaa tizimi Eron raketasini urib tushirganini aytdi.
Qatarda mintaqadagi eng yirik AQSh harbiy inshooti — Al-Udeyd aviabazasi joylashgan.
AQSh va Isroil Eronga hujum boshladi: Donald Tramp murojaatida nimalar dedi?
AQSh va Isroil Eronga hujum boshladi, Prezident Donald Tramp esa "keng ko‘lamli jangovar amaliyotlar" boshlanganini tasdiqladi.
AQSh prezidenti "Eron hech qachon yadro quroliga ega bo‘lishi mumkin emas"ligini aytadi va shu sababli "Tungi Bolg‘a amaliyoti" (Operation Midnight Hammer) Fordou, Natanz va Isfahondagi Eron yadro dasturiga zarba berganini tushuntiradi.
Trampning aytishicha, Eron yadro maqsadlaridan voz kechish uchun berilgan barcha imkoniyatlarni rad etgan va Yevropadagi ittifoqchilarni, chet eldagi AQSh qo‘shinlarini va "tez orada Amerika hududiga ham yetib borishi mumkin bo‘lgan" uzoq masofali raketalarni ishlab chiqishda davom etgan.
U AQSh Eronning raketa sanoatini "er bilan yakson qilishi" va uning dengiz kuchlarini "yo‘q qilib yuborishi"ni aytadi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, Eron rejimi "47 yil davomida "Amerikaga o‘lim" shioiri ostida yashagan.
"Jasur amerikalik qahramonlarning hayoti halok bo‘lishi mumkin, qurbonlar bo‘lishi ehtimoldan xoli emas," deydi u.
"Erkinligingiz vaqti keldi," deya Eron xalqiga murojaat qiladi Tramp va ularni "hukumatni qo‘lga olishga" chaqiradi.
Hozircha nimalar ma’lum?
Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) Eron tomonidan Isroilga qarata raketalar uchirilganini ma’lum qildi.
«Havo mudofaa tizimlari tahdidni bartaraf etish uchun ishlamoqda», — deyiladi harbiylar bayonotida.
Hujum boshlangani haqidagi ma’lumot olingandan so‘ng, Orqa front qo‘mondonligi tegishli hududlar aholisiga ogohlantirish yubordi. Ulardan zudlik bilan boshpanalarga o‘tish so‘ralgan.
AQSh va Isroil Eronga hujum boshladi, Tramp "yirik jangovar operatsiyalar" ketayotganini tasdiqladi.
Isroil Mudofaa kuchlari (SAXAL) Eron ushbu hujumga javoban raketalar otganini ma’lum qildi. Isroil Mudofaa vaziri Israel Kats uning mamlakati Tehronga qarshi "oldini oluvchi" zarba berganini aytdi.
Eronning beshta shahrida, jumladan Isfahon, Qum, Karaj va Kermonshohda, shuningdek, poytaxt Tehronda portlash tovushlari eshitildi — fotosuratlarda ko‘tarilayotgan tutunlarni ko‘rish mumkin.
Isroil Eron tomonidan javob zarbalari berilayotganini bildirdi. SAXALning ma’lum qilishicha, Eron hujumga javoban Isroil tomon raketalar uchirgan.
Isroil Mudofaa kuchlari o‘z bayonotida shunday deydi: "Erondan Isroil Davlati yo‘nalishida uchirilgan raketalar aniqlangach, mamlakatning bir qancha hududlarida havo hujumidan ogohlantiruvchi sirenalar yangradi".
Shuningdek, Isroil Harbiy-havo kuchlari tahdidlarni yo‘q qilish va zarba berish bo‘yicha amaliyot o‘tkazayotgani qo‘shimcha qilingan.