You’re viewing a text-only version of this website that uses less data. View the main version of the website including all images and videos.
Yangilanmoqda: Eron nega Ozarbayjonni dronlar bilan nishonga oldi?
Ko‘rfaz davlatlari va Iroq Kurdistonidan farqli o‘laroq, Ozarbayjonda AQSh harbiy bazalari borligi ma’lum emas. Shu bois, mamlakatning nima sababdan hujumga tutilgani haqida savollar tug‘ilmoqda.
Eron Naxichevan avtonom respublikasidagi aeroportga dronlar uchirilgani yuzasidan biror izoh bermadi. Ammo buning javobi Eronning shimoli-g‘arbiy chegarasida joylashgan Ozarbayjonning AQSh va Isroil bilan yaqin strategik hamkor ekaniga borib taqalishi mumkin.
Aholisining aksariyati shia musulmonlari bo‘lgan dunyoviy Ozarbayjon va Isroil o‘rtasidagi aloqalar 2000-yillardan beri chuqurlashib bormoqda: Ozarbayjon Isroil qurol-yarog‘larining asosiy xaridori hisoblanadi, Isroil esa Ozarbayjondan katta miqdorda neft import qiladi. Shuningdek, ikki davlat razvedka sohasida, ayniqsa, Eronni kuzatish masalasida yaqindan hamkorlik qilishi ishoniladi.
Eron anchadan beri Ozarbayjonni o‘z hududida Isroil razvedka agentligi – "Mossad"ning faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yib berishda ayblab keladi. Jumladan, Tehron iddaosiga ko‘ra, "Mossad" agentlari eronlik yadrochi olimlarni o‘ldirishda aynan Ozarbayjon hududidan yordam sifatida foydalangan. Boku bu ayblovlarni keskin rad etib keladi.
Eron tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroilni tinch aholi hududlarini nishonga olayotganlikda aybladi
Eron tashqi ishlar vazirligi AQSh va Isroil o‘z zarbalari bilan ataylab tinch aholi yashaydigan hududlarni nishonga olayotgani haqida bayonot bermoqda.
"X" ijtimoiy tarmog‘idagi postida vazirlik vakili Esmoil Baqoiy hujumlar "global bozorlarni larzaga solayotgani, energiya narxlarini oshirayotgani, valyutalarni beqarorlashtirayotgani va butun dunyoda oddiy odamlarning xarid qobiliyatini pasaytirayotgani"ni aytdi.
U qo‘shimcha qildi: "Ammo biz eronliklar uchun badal bundan ham og‘irroq: bizning xalqimiz vahshiyona o‘ldirilmoqda, agressorlar ataylab tinch aholi yashaydigan hududlarni va eng katta azob va talafot yetkazishi mumkin bo‘lgan joylarni nishonga olmoqda."
Donald Tramp esa Eronning ballistik raketa salohiyati hamda yadroviy qurol ishlab chiqish imkoniyatlarini yo‘q qilishga intilayotganini aytgan.
AQSh va Isroil shaharga zarba berishni davom etar ekan, bugun Eron poytaxtida olingan suratlar Tehrondagi vayronagarchiliklarni ko‘rsatmoqda.
BAA hududiga ballistik raketa va olti dron tushdi
BAA mudofaa vazirligining ma’lum qilishicha, ular bugun olti ballistik raketa va 131 ta dronni to‘sib, yo‘q qilgan - biroq bir raketa va olti dron mamlakat hududiga tushgan.
Vazirlikka ko‘ra, shanba kuni boshlangan "Eronning ochiq agressiyasi"dan beri jami 196 ta ballistik raketa aniqlangan, shuningdek sakkizta kreyser raketasi ham aniqlanib, yo‘q qilingan.
Hujumlar boshlanganidan buyon uch kishi halok bo‘lgan - ularning barchasi xorijlik fuqarolar: Pokiston, Nepal va Bangladeshdan. Shuningdek, 94 kishi jarohatlangan, deyiladi vazirlik bayonotida.
Eron dronlari Ozarbayjonga zarba berdi
Ozarbayjon tashqi ishlar vazirligining aytishicha, Eronning dron zarbalari oqibatida ikki nafar tinch aholi jarohatlangan.
"Bir dron Naxchivon Avtonom Respublikasi aeroportining terminal binosiga urilgan, yana biri esa Shakarabad qishlog‘ida maktab binosi yaqiniga tushgan," - deyiladi vazirlik bayonotida.
Dron hujumi natijasida aeroport binosi zarar ko‘rgan va ikki nafar fuqaro jarohatlangan.
Vazirlikning ma’lum qilishicha, Ozarbayjondagi Eron elchisi hozir chaqirtirilgan bo‘lib, Eron tomoniga keskin norozilik bildiriladi va tegishli norozilik notasi topshiriladi.
Isroil havo hujumlarini davom ettirar ekan, Bayrutda vayronagarchilik, Qum va Isfahon hududlaridagi ob’ektlarga hujum
Isroil Qum va Isfahon hududlaridagi ob’ektlarga hujum qildi.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil Mudofaa Kuchlari kecha tungi amaliyot chog‘ida Eronning Qum shahrida "Isroilga qarata otishga tayyor" bo‘lgan ballistik raketa uchirgichini nishonga olganini bildiradi.
Shuningdek, ular Isfahon shahridagi havo mudofaasi tizimi ham "urib tushirilganini" ma’lum qilgan.
Isroil havo hujumlarini davom ettirar ekan, Bayrutda vayronagarchilik
Isroilning bir necha kunlik havo hujumlaridan so‘ng Bayrutda vayronagarchilik va zarar ko‘rgan binolarning yangi tasvirlari paydo bo‘ldi.
Livan OAV kecha kechasi poytaxt yaqinidagi ikki zarbada uch kishi halok bo‘lgani, yana olti kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. Bugun ertalab janubiy Bayrutda - Hizbullohning tayanch hududida - yangi zarbalar ro‘y bergani aytilmoqda.
Isroil esa avvalroq "Hizbulloh terror tashkilotiga tegishli bir nechta qo‘mondonlik markazlari’ni nishonga olganini" bildirgan edi.
Ayni paytda, Livan davlat axborot vositalari Tripoli yaqinidagi Beddavi - falastinlik qochqinlar lagerida Isroil droni bir kvartirani urib tushirganini, buning oqibatida HAMASning yuqori martabali rasmiysi Vassim Atallah al-Ali va uning rafiqasi halok bo‘lganini xabar qilmoqda.
Isroil Mudofaa Kuchlari bu borada hali izoh bermadi.
04.03.2026: AQSh Hind okeanida Eron harbiy kemasini torpeda bilan cho‘ktirdi, Hormuz bo‘g‘ozida qatnov 90% ga kamaydi (Video)
AQSh Hind okeanida Eron harbiy kemasini cho‘ktirganini aytdi. Dunyo neftining beshdan biri tashiladigan Hormuz bo‘g‘ozi orqali harakat kamayishda davom etmoqda.
AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Hind okeanida AQSh kuchlari "xalqaro suvlarda o‘zini xavfsiz deb o‘ylagan Eron harbiy kemasini" cho‘ktirganini aytdi.
"U torpeda bilan cho‘ktirildi", dedi u.
Hegset hujumga uchragan Eron kemasining nomini ochiqlamadi.
Biroq bundan avval Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari IRIS Dena Hind okeanida cho‘kib ketgani, kema bortida bo‘lgan taxminan 140 kishi bedarak yo‘qolgani haqida xabar bergan edi.
Hormuz bo‘g‘ozidagi harakat qariyb 90 foizga kamaydi
Hormuz bo‘g‘ozida orqali kema harakati kamayishda davom etmoqda. Ko‘plab neft va gaz tankerlari ushbu muhim suv yo‘lidan o‘tish chog‘ida Eron hujumi xavfi tufayli xavf ostiga qo‘yilishni istamayotgani aytilmoqda.
Energetika sohasidagi tahlil kompaniyasi Vortexa vakili Kler Yungmanning aytishicha, yanvar oyidan urush boshlanganiga qadar har kuni o‘rtacha 24 ta tanker bu bo‘g‘oz orqali harakatlangan.
Dengiz tahlili bilan shug‘ullanuvchi Kpler esa BBC Verify'ga 2 martdan 3 martgacha bo‘lgan davrda bo‘g‘oz orqali kema harakati 21–27 fevral kunlaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan qariyb 90 foizga kamayganini bildirgan.
Keskin pasayish yirik dengiz sug‘urtachilari Fors ko‘rfazida faoliyat yuritayotgan kemalar uchun urush xavfi sug‘urtasini qisqartirgani yoki bekor qilgani manzarasida kuzatilmoqda. Bu esa dunyoda savdo qilinadigan neftning taxminan beshdan bir qismi tashiladigan tor bo‘g‘oz orqali o‘tishni yanada xavfli qilmoqda.
So‘nggi 24 soat ichida BBC Verify kamida ikki yuk kemasini aniqladi. Ularning kuzatuv ma’lumotlari kemalar Hormuz bo‘g‘ozi orqali sharqdan g‘arbga, Fors ko‘rfazi tomon harakatlanganini ko‘rsatadi.
So‘nggi paytlarda ayrim kemalar — jumladan, Hindiston bayrog‘i ostidagi bir kema — bortidagi kuzatuv qurilmalari signali yo‘qolgani yoki sun’iy ravishda to‘sib qo‘yilgani haqida dalillar mavjud.
Yaqin Sharq bo‘ylab raketalar uchishda davom etmoqda – Urush beshinchi kuniga kirdi
AQSh va Isroilning Eronga urush boshlaganiga 5 kun bo‘ldi. Bugunga kelib urush asoratlari mintaqaning boshqa hududlariga ham sachrayotganini ko‘rish mumkin.
Mintaqadagi so‘nggi voqealar:
Shri-Lanka harbiy-dengiz kuchlari bugun ertalab Eron harbiy-dengiz flotiga qarashli "IRIS Dena" kemasidan falokat signali kelib tushganidan so‘ng 32 kishini qutqarganini tasdiqladi. Taxminan 140 kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda. Hodisa sababi hozircha noma’lum.
Isroil mintaqada yangi hujumlar to‘lqinini boshladi. Livanga qilingan zarbalarda bir necha kishi halok bo‘lgani aytilmoqda. Isroil mudofaa kuchlari bu hujumlar "Hizbulloh" a’zolari va ob’ektlariga qaratilganini ma’lum qildi. Armiya janubiy Livandagi tinch aholini harbiy amaliyot oldidan "darhol" hududni tark etishga chaqirmoqda.
Tehronda ko‘plab binolar vayron bo‘ldi. Isroil harbiylari ma’lumotiga ko‘ra, tungi hujumlarda u yerdagi "xavfsizlik qarorgohlari" ham nishonga olingan.
Yangi tasvirlarda seshanba kuni Eron droni hujumi ortidan Dubaydagi AQSh konsulxonasi yonganini ko‘rish mumkin. Shuningdek, Qatardagi AQSh harbiy-havo bazasiga Eron raketa zarbasi berilgan.
Erondagi vaziyat:
Shanba kuni Isroil hujumida halok bo‘lgan Oyatulloh Xomanaiyni so‘nggi yo‘lga kuzatish marosimi bugun boshlanishi kerak edi. Biroq Eron davlat OAVlari xabar berishicha, uch kunlik janoza marosimi "keyinga qoldirilgan".
Oliy rahbarning o‘rnini kim egallashi haqida taxminlar kuchaymoqda. Reuters agentligiga gapirgan ikki eronlik manbaga ko‘ra, uning o‘g‘li Mujtabo Xomanaiy hujumlardan omon qolgan.
"Har kuni vaziyat yomonlashmoqda", dedi bir eronlik erkak BBCga. AQShda joylashgan Human Rights Activist News Agency esa shanba kuni boshlangan AQSh–Isroil hujumlaridan beri Eronda kamida 1 097 nafar tinch aholi halok bo‘lganini bildirmoqda.
Evakuatsiya ishlari davom etmoqda:
Parvozlardagi jiddiy uzilishlar fonida davlatlar Yaqin Sharqni tark etmoqchi bo‘lgan fuqarolarini evakuatsiya qilish ustida ishlamoqda. Buyuk Britaniya hukumati tomonidan maxsus tashkil etilgan ilk reys mahalliy vaqt bilan soat 23:00 da Maskat xalqaro aeroportidan uchib ketishi rejalashtirilgan.
Eron: Jabrlanganlar orasida o‘zbekistonliklar bormi? Ispaniya Tramp tahdidiga javob qaytardi
O‘zbekistonning Tehrondagi elchixonasi Eronda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari haqida ma’lumot berdi. Oldinroq Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Eron Tashqi ishlar vaziri bilan telefon orqali suhbatlashgandi. Ispaniya Bosh vaziri Donald Tramp tahdidlariga javob berdi.
Eronda jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q
O‘zbekistonning Erondagi elchixonasi ma’lum qilishicha, jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari yo‘q.
Elchixonaga ko‘ra, hozirgi vaqtda Eron hududida 81 nafar O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lib turibdi.
"Shulardan 8 nafari — diplomatik vakolatxonalar xodimlari, 9 nafari — Qum shahrida tahsil olayotgan talabalar, 55 nafari — Eron hududida doimiy yashovchi fuqarolar, 9 nafari — xususiy safar bilan borganlar", deyiladi xabarda.
Oldinroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Eron Islom Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Sayyid Abbos Arakchi bilan telefon orqali muloqot qilgani haqida aytdi.
"So‘nggi voqealar oqibatida tinch aholi orasida qurbonlar bo‘lgani munosabati bilan ta’ziya izhor etib, jabrlangan oilalarga nisbatan hamdardligimizni bildirdik", deb yozdi Saidov Facebook sahifasida.
Vazir hamkasbi bilan mintaqadagi vaziyatni muhokama qilgan va har qanday keyingi keskinlashuv jiddiy gumanitar va xavfsizlik oqibatlariga olib kelishi mumkinligini qayd etishgan.
"Barcha kelishmovchilik va nizolar faqat tinch yo‘l bilan – muloqot va diplomatiya orqali hal etilishi lozimligi haqidagi qat’iy va izchil pozitsiyamizni yana bir bor tasdiqladik", deydi Baxtiyor Saidov.
O‘tgan shanba kuni AQSh va Isroil hujum boshlagandan beri Eronda kamida 1097 tinch aholi halok bo‘lgan, demoqda Amerikada joylashgan Inson huquqlari faollari xabar agentligi. Agentlikka ko‘ra, nobud bo‘lganlarning 181 nafari 10 yoshdan kichik bolalar. Yaralangan tinch fuqarolar 5402 kishiga yetgan, ularning 100 nafari bolalar demoqda agentlik.
O‘limlar haqidagi yana yuzlab xabarlar tekshirilmoqda.
Pedro Sanches Trampning tahdidlariga javob qaytardi: "Urushga yo‘q deymiz!"
Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches Madridning Eron bombardimon qilinishiga qarshiligi sababli Donald Tramp tomonidan ikki davlat o‘rtasidagi savdo aloqalarini to‘xtatish bilan bog‘liq tahdidlariga javob qaytardi.
Chorshanba kuni ertalab televidenie orqali qilgan chiqishida Sanches hukumat mavqeini "urushga yo‘q" degan so‘zlar bilan ifodalash mumkinligini aytdi.
End of Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimiz:
U 2003 yilgi Iroqqa bostirib kirish voqealariga ishora qilib, "o‘tmishdagi xatolarni" takrorlamaslikka chaqirdi. Bosh vazirga ko‘ra, Iroq urushi o‘z maqsadlariga erisha olmagan, aksincha, beqarorlikni keltirib chiqarib, ko‘plab insonlar hayotini yomonlashtirgan.
Sanches Eronga qilinayotgan hujumlar millionlab oddiy odamlar uchun xuddi shunday oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlab, hukumat bunga qarshi choralarni ko‘rib chiqayotganini bildirdi.
Kecha Tramp Sanchesning AQShga Eronga hujum qilish uchun o‘z harbiy bazalaridan foydalanishga ruxsat bermaganidan so‘ng, Ispaniya bilan "barcha aloqalarni uzishga" va’da bergan va mamlakatni "dahshatli" deb ta’riflagan edi. Madrid mazkur hujumlarni "asossiz va xavfli harbiy aralashuv", deb atagan.